30 Noyabr 2022 yil 271

Korrupsiya-taraqqiyot kushandasi

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Prezidentimizning 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–81-son qarori va O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi, Vazirlik shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqarma ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati rahbarlari, sohaviy xizmatlar va shahar tuman Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, inspektorlar va ularning ota-onalari hamda oila a’zolari, Faxriylar kengashi hamda boshqarma boshlig‘ining maslahatchisi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar ichki ishlar organlarida korrupsiyaning sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni oldini olish, ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida poraxo‘rlik, tamagirlik holatlariga barham berish borasida tegishli tavsiya va takliflarini bildirishdi.

Ayni kezlarda boshqarma sohaviy xizmatlari mas’ullaridan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasida komissiyasi tuzilib, ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, bu borada ota-onalar ham farzandlarini xizmatda va xizmatdan tashqari vaqtlarda xatti-harakatini nazorat qilishi lozimligi ishtirokchilarga uqtirildi. 

Komissiya a’zolariga korrupsiyaning barvaqt oldini olish, unga qarshi kurashish muhitini shakllantirish, poraxo‘rlik, tamagirlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishni targ‘ib etuvchi tadbirlar, davra suhbatlari tashkillashtirish, xodimlarning oilaviy sharoitlarini, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatish kabi ishlarni ham amalga oshirishi vazifasi yuklangani aytib o‘tildi. 

Tadbirda ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 3 mart kunidagi buyrug‘i talablari ijrosini ta’minlash hamda ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish maqsadida xizmatdan foydalanish uchun uslubiy qo‘llanma” tarqatildi. Yakunda xizmatda ijobiy natijalarga erishgan va hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma rahbariyatining "Tashakkurnoma"lari tantanali ravishda topshirildi.

Text to speech