3 Iyun 2024 yil 502

KO‘LAMI KЕNG TADBIR

Qashqadaryo viloyati IIBda boshqarma rahbariyati, tarkibiy bo‘limlar, faxriylar, korrupsiya jinoyatini fosh etgan bir guruh xodimlar, ularning ota-onalari hamda “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limi xodimlari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Z.Xo‘janov ochdi.
Tadbirda korrupsiya holatlariga murosasiz ruhda bo‘lgan va pora berish jinoyatini fosh etgani uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari rag‘batlantirilib, ularning ota-onalariga “Tashakkurnoma”lar berildi.
“Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limi raisi Shaxnoza Raupova tadbirda so‘zga chiqib, bola huquqlari deganda irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinliklar tushuniladi. Xalqaro huquq normalarida 18 yoshga to‘lmaganlarning barchasi bola deb tan olinganini bildirdi.
Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Xususan, bola huquqlari va uning kafolatlarining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlar hamda boshqa bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topganligini ta’kidladi. Eng muhimi, Konstitutsiyaga «Oila, bolalar, yoshlar» deb nomlangan yangi bob kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi.
Bundan tashqari, 2024-yil 29-fevralda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakil mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Yakunda ichki ishlar organlarida uzoq yillar sabot bilan samarali xizmat qilgan bir guruh xodimlar nafaqaga kuzatildi.

Text to speech