16 Iyul 2025 yil 423

Kitob tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i polkovnik Tairov Farrux Salomovichning tuman aholisiga murojaati

Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari!

Barchamizga yaxshi ma’lumki, so‘ngi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilib, huquqbuzarliklarni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda alohida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida  samarali  chora - tadbirlar  amalga  oshirildi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga   oshirilmoqda.

Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimizning 2025 yilning 3 yanvar kuni “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori qabul qilindi.

Ushbu Qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda Kitob tumani IIB xodimlari alohida  jonbozlik  ko‘rsatib,  avvalo  aholiga yaqin bo‘lib, qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash faoliyatimizni asosiy mezoni sifatida   belgilab  oldik.

Qadrli tumandoshlar!

Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralarga qaramay, joriy yilning o‘tgan davrida tumanda umumiy jinoyatlar  soni 195 tani tashkil qilib, o‘tgan yilning  mos davriga nisbatan 100 taga yoki 105,3 foizga oshgan. Afsuski, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali  ularning  mol - mulkini  egallashga  urinishmoqda.

Ayniqsa, jahon internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xir turdagi ta’sir o‘tkazish orqali ularning plastik hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini egallash  holatlari  ko‘plab  uchramoqda.

O‘tgan davrda, tumanimizda 100 ta kiberjinoyatlar, 6 ta firibgarlik holatlari sodir etilib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani   buning   yaqqol  isboti. So‘ngi yillarda bu toifadagi jinoyatlar bir necha baravar ko‘paymoqda.

Shu sababli, tumanimiz aholisidan firibgarlik va o‘g‘rilik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlashlarini so‘rab qolamiz.

Oilalardagi muhitni yaxshilash, ayniqsa, xotin – qizlarning hamda yoshlarning muammolarini o‘rganib, hal etishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir vaqtda 2 nafar xotin–qizlar, 8 nafar yoshlar,
1 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat  sodir  etildi.

Shuningdek, yo‘llarda avtomobillar soni kundan-kunga ortib,  haydovchilarning  mas’uliyatini  oshirmoqda. Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida jami 9, shu jumladan o‘lim bilan bog‘liq 3 ta yo‘l-transport hodisasi sodir  etilganligi  ayanchli, albatta!

Shu sababli, kelgusida hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar  borligini  barchamiz   yaxshi  tushunamiz.

Aziz Kitobliklar !

Albatta, tumanda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va  hamkorligiga  tayanamiz.

Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrup-siyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak  ko‘zlangan  maqsadga  albatta  erishamiz.

Bugungi kunda juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida qat’iy ishlayapmiz.

Prezidentimiz talab qilayotganlaridek, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf  qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish - turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini  ham  doimo  yodda  tutishimiz  zarur.

Aziz tumandoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan  jamiyatni  birgalikda  barpo  etaylik!

Tairov Farrux Salamovich, Kitob tuman IIB boshlig‘i

.

 

 

Text to speech