Kechirimlilik xalqimizga xos xislat
Yaqinda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 may kunidagi “Jazo muddatini oʼtayotgan, qilmishiga chin koʼngildan pushaymon boʼlgan va tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʼtayotgan Qashqadaryo viloyatida doimiy roʼyxatda turuvchi 7 nafar shaxslarning muddatidan oldin ozod etilishi va 4 nafar shaxslarning esa jazo muddatlari qisqartirilishi munosabati bilan tadbir boʼlib oʼtdi. Unda Qashqadaryo viloyati hokimligi va huquq-tartibot idoralari rahbarlari hamda afv etilgan shaxslar va OАV vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot tarzida boʼlib oʼtgan uchrashuvda afv farmonga asosan ozodlikka chiqarilgan shaxslarning 6 nafari bilib-bilmay, adashib diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyatiga kirib qolgani, 1 nafari esa boshqa jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilsa-da hukumatimiz tomonidan insonparvarlik tamoyillariga asosan ular kechirilgani taʼkidlandi.
Jazodan ozod etilgan shaxslar erkin hayot, ijtimoiy muhitga moslashishi uchun avvalo ularning sogʼligi toʼliq tibbiy koʼrikdan oʼtkazilgach, ularga kerakli tibbiy yordamlar koʼrsatilib, yangi fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilib berildi. Viloyat hokimligi huzuridagi “Muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy himoyalash koʼnikma markazi” tomonidan esa dastlabki zaruriy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning har biriga bir martalik moddiy yordam pullari ajratildi.