Kasbi tumanida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Milliy gvardiya xodimlari, Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda maktab direktorlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar tumanda voyaga
yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, ularni yuzaga keltirgan
shart-sharoitlar va sabablarni atroflicha tahlil etishdi.
Psixologlarning ta’kidlashicha, o‘smirlar
jinoyatchiligi ko‘pincha oiladagi muhitga bog‘liq bo‘lishi, voyaga yetmaganlar
tomonidan sodir jinoyatlarining aksariyati ularning ota-ona va maktab hamda
mutasaddi idoralarning nazoratsizligi tufayli sodir etilmoqda.
Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni
bartaraf etish bo‘yicha dasturiy prinsiplarga ko‘ra, o‘smir bolalar tarbiyasi
va himoyasi bilan nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki oila,
ijtimoiy institutlar, maktab, mahalla va yoshlar tashkilotlari ham
shug‘ullanishi kerak.
Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani
rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning hayotda
barkamol shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur shart-sharoit va
imkoniyatlardan keng foydalanib, yoshlarimizning huquqiy savodxonligini oshirib
borishimiz zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Zotan, yosh avlodni har tomonlama
qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi
etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha
kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.