KАSB BАYRАMI TАNTАNАSI
Mullatoʼychi Toshmuhammedov nomli viloyat musiqali drama teatrida 25 oktyabrь – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʼlib oʼtdi. Unda Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida xizmat qilib el nazariga tushgan xodimlar, rahbarlar va ichki ishlar idoralarida uzoq yillar xizmat qilib bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan faxriylar ishtirok etdi. Tantanali tadbirda viloyat IIB boshligʼi polkovnik Sh.Satvoldiev ochib, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining soha vakillariga yoʼllagan bayram tabrigini oʼqib eshittirdi.
Notiq oʼz soʼzida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida Ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilgan islohotlar bois yurtimizda oʼtgan yillarda mustahkam, zamonaviy va tezkor harakatlanuvchi ichki ishlar tizimi barpo etilganini taʼkidladi. Ushbu jarayonga hamohang sohadagi yangilanishlar zamirida bosh mezon xalq xizmatida boʼlish, yurt tinchligi va el osoyishtaligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida eʼtirof etilganini taʼkidladi.
Аlbatta, xalqimizning xizmat qilgan elda aziz, degan iborasi bejizga aytilmagan. Mustaqilligimizni mustahkamlash va koʼz qorachigʼidek asrash, osoyishtalikni hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʼlida xizmat chogʼida halok boʼlgan xodimlarning nomlari doimo avlodlar yodida.
- Yurt posboni deganda koʼz oʼngimizda kishidan yuksak kasbiy mahorat, kuchli iroda sohibi, oʼrni kelganda mardlik, jasurlik, fidoyilik kabi xislatlarni namoyon etadigan soha fidoyisi gavdalanadi, - dedi tadbirda soʼz olgan viloyat hokimi Zoyir Mirzaev. - Oʼz navbatida bu kishidan kasb sirlarini puxta oʼzlashtirishni talab etadi. Buni el osoyishtaligi yoʼlida jasorat va matonat namunalarini namoyish etayotgan soha fidoyilari xizmati misolida koʼrish mumkin.
Ichki ishlar idoralari tizimlarida samarali xizmat qilib, hamkasblariga oʼrnak boʼlayotgan bir guruh ichki ishlar idoralari xodimlari Prezidentimiz Farmoniga binoan davlatimizning yuksak unvon va medallari bilan taqdirlangani viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari xizmatiga berilgan yuksak bahodir. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovnik Satvoldiev Shuxratjon Xoshimovich II darajali “Shon-sharaf” ordeni, boshqarma huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi podpolkovnik Narkabilov Muxidin Tursunovich “Sodiq xizmatlari uchun” medali va boshqarma Patrulь-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi muhim topshiriqlar boʼyicha inspektori mayor Kurbanov Аxror Аbdukarimovich “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari IIVning buyrugʼiga binoan bir guruh xodimlarning “Аʼlo xizmatlari uchun” koʼkrak nishoni va “Faxriy yorligʼi” hamda qimmatbaho sovgʼalari oʼz egalariga tantanali ravishda topshirildi.