18 Dekabr 2022 yil 547

Kasb bayrami munosib nishonlandi

Qarshi shahridagi “Versal” to‘yxonasida ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unga boshqarma sohaviy xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari xodimlari, faxriylar hamda  jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, ro‘y berganlarini fosh etish borasidagi samarali xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari taklif etildi.

Tadbirni Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiev ochib, ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida shuni alohida e’tirof etish kerakki, huquqiy demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida dadil odimlayotgan mamlakatimizda yurt tinchligi va el osoyishtaligini ta’minlash, osmonimiz musaffoligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda fidoyilik namunasini ko‘rsatayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining munosib hissasi borligini ta’kidladi.

Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, muhtaram Prezidentimiz Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigida “Men Yangi O‘zbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl o‘g‘lonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, ma’naviy va ma’rifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, xalqimizning chin ma’nodagi himoyachilari ekaningizga qat’iy ishonaman”, deb soha xodimlari faoliyatiga yuksak baho berganini alohida ta’kidladilar.

Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratilganini, sohada xizmat olib borayotgan xodimlarning kasbiy malakasi va tajribasini oshirish, ularga eng zamonaviy qulay shart-sharoitlarni yaratib berish, xizmatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida ichki ishlar idoralari tizimida qator islohotlar jarayoni amalga oshirildi.

 Sohada amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy texnik vositalar bilan ta’minlangan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratildi.

Eng muhimi, ichki ishlar idoralari xodimlarining el-yurt osoyishtaligini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish va huquq-tartibotni mustahkamlash borasidagi sharafli va g‘oyat mas’uliyatli xizmatlari hukumatimiz tomonidan yuksak baholanmoqda.

Tadbirda Muhtaram Prezidentimiz Farmonlari va ichki ishlar vazirining tegishli buyruqlari bilan mukofotlangan bir guruh xodimlarga, “Shuhrat” medali, “A’lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun”, “Faxriy yorliq”, qo‘l soati va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Yakunda bir piyola choy ustida poytaxtdan kelgan va vohalik san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bilan bayram yanada fayzli davom etdi.

Text to speech