7 Oktyabr 2020 yil 936

Karantin qoidalari amalda

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, odamlarga ommaviy virus yuqishining oldini olish maqsadida hukumat qarori bilan bir qator karantin tadbirlari amalga oshirildi. Natijada aholining asosiy qismi virusdan himoyalandi desak oʼrinli boʼladi. Аmmo ayrim fuqarolar bu cheklovlarga amal qilmagani bois aholi orasida qisman kasallanish holatlari kuzatildi. Аmmo bu bilan xotirjamlikka berilib boʼlmaydi. Mamlakatimizda karantin holatlari toʼliq bekor qilinmadi, aksincha qisman yumshatildi. Buni oʼzicha yengillik deb tushungan baʼzi hamyurtlarimiz koʼchada tibbiy niqobsiz harakatlanib, oʼz hayotini xavf ostiga qoʼymoqda. Bu boradagi huquqbuzarliklarni erta aniqlab oldini olish va aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari qatori huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tayanch punktlari profilaktika inspektorlari ham vohaning shahar-tumanlari va hatto chekka qishloqlarida targʼibot va tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Profilaktika inspektorlarining ogohlantirishlaridan oʼziga tegishli xulosa chiqarmagan fuqarolarga qonun doirasida tegishli choralar koʼrilmoqda.   

Tibbiyotda kasallikni davolangandan koʼra oldini olgan afzal deganlaridek,  mutaxassislarining tavsiyalaridan kelib chiqib, profilaktika inspektorlari odamlar gavjum boʼladigan maskanlar, choyxonalar va koʼngilochar maskanlar, bozorlarda boʼlib, oraliq masofani saqlagan holda faoliyat yuritish, nafaqat oʼzini balki fuqarolar xavfsizligini taʼminlashning birlamchi kafolati ekanligini targʼib etmoqda. Hududda joylashgan bozorlarda maʼmuriyat bilan kelishilgan holda haftaning bir kuni profilaktika kuni deb eʼlon qilinib, bu borada ibratga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Bozorga kirish joyi va fuqarolarni eʼtiborini tortadigan joylarga  karantin kunini eslatuvchi pannolar qoʼyilmoqda.

Bu boradagi ishlar joylardagi profilaktika inspektorlari tomonidan uzluksiz amalga oshirilib, karantin tadbiri talablari namunali olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyati IIB HPB

Text to speech