23 Iyul 2022 yil 1035

Jinoyatga boshlagan adovat

    Qarshi shahar “Kamandi” mahallasida  yaqinda sodir etilgan mudhish jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Muhokama yig‘ilishida viloyat IIB, Qarshi shahridagi to‘rtta sektor rahbarlari va mahalla beshligi hamda faollari ishtirok etishdi.

    Yig‘ilishida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev Qarshi tumanidagi “Kojor” MFYda yashovchi, viloyat Asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida dispanser hisobida turuvchi ruhiy kasal M.P. joriy yilning 17 iyul kuni soat taxminan 07:15 larda  Qarshi shahar “Kamandi” MFYda yashovchi qaynsinglisi R.D.ning yashash xonadoniga yashirincha tarzda kirib “Nimaga mening oilamga aralashasan”- deb u bilan o‘zaro janjallashib qolgani, natijada P.M. hovlida turgan oftoba bilan qarindoshi R.D. ning boshining orqasiga o‘ta shafqatsizlarcha uch marotaba urib, unga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, hushsiz holatga keltirgani, olgan tan jarohati tufayli ayol olamdan o‘tgani, uch nafar bola yetim bo‘lib qolganini ta’kidladi. 

   Muhokamada mahalla faollarining fuqarobay, xonadonbay ishlash jarayonida ruhiy kasal bu fuqaroning xatti-harakati sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan vaqtida nazoratga olinmagani tanqid ostiga olindi.

   Yig‘ilishda bundan keyin mahalla faollari, fuqarolar o‘rtasida bu turdagi jinoyatlarni oldini olish uchun profilaktik targ‘ibot tadbirlarini yanada jonlantirishi, mahallada yashovchi fuqarolarni bandligini ta’minlashi mas’ullarga tushuntirildi.  

     Holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech