“Yilning eng faol faxriy xodimi”
Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Qashqadaryo viloyat bo‘limida Ichki ishlar organlarida faxriylari o‘rtasida
“Yilning eng faol faxriy xodimi” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki
ishlar organlarining sohaviy xizmatlari va shahar-tuman ichki ishlar
bo‘limlarining faxriylar kengashi raislari ishtirok etishdi.
Dastlab, har bir kengash
raisining faoliyati, faxriylarning Vatan osoyishtaligi va yurt tinchligi
yo‘lidagi uzoq yillik mehnatini inobatga olgan holda xizmatni o‘tash davrida
orttirilgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan faxriylarni moddiy va ma’naviy
qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati va bilimi hakamlar hay’ati tomonidan
baholab borildi.
So‘ngra, ularning yil davomida
amalga oshirgan ishlari bo‘yicha axboroti eshitilib, albomlari ko‘rib chiqildi.
Bunda hududiy kengash raisining yosh
xodimlarga kasb sirlarini o‘rgatish, faol faxriylarni ularga biriktirish,
yoshlarning xizmat intizomi va qonunchilikka og‘ishmay rioya etishi uchun
murabbiylik harakatini kengaytirish, “Ustoz-shogird an’analari”ni yangi
bosqichga olib chiqish, yosh xodimlarning milliy qadriyatlarga sodiq, chinakam
vatanparvar va fidoyi “xalq xizmatchisi” bo‘lib shakllanishi uchun “Ma’naviyat
va ma’rifat darsi”da “Ustozlar o‘giti” shiori asosida amalga oshirgan faoliyati
atroflicha o‘rganib chiqildi.
Bundan tashqari,
Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari, ichki ishlar organlarida
o‘tkazilayotgan islohotlarga daxldorligi, “Bir murabbiy o‘n yoshga mas’ul”
shiori asosida qizil toifadagi mahallalarni yashil toifaga o‘tkazish borasidagi
sa’y-harakatlariga ham e’tibor qaratildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra
Chiroqchi tumani ichki ishlar bo‘limi faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi
mayor Erkin Murodov 1-o‘ringa loyiq topildi. Navbatdagi sovrinli o‘rinlarni
Qarshi shahar shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi
faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Ibodulla Xusanov va Dehqonobod
tumani ichki ishlar bo‘limi faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik
A’zamqo‘l Jovliyev qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tanlov hay’atining
diplomi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida faxriylar bilan yoshlar bir piyola
choy ustida suhbatlashdilar.