Yaroqsiz goʼshtlar kimga kerak?!
Аjdodlarimiz yaxshi bilan yomonning, halol bilan xaromning farqini yoshlar ongiga bolalikdan singdirib keladi. Bu odatlar insonni komillik va kamolot sari yetaklaydi. Аmmo oramizda halol bilan xaromning farqini bilsa-da, nafs quliga aylanib, boylik orttirish ilinjida odamgarchilikni unutib qoʼyayotganlar uchramoqda. Jumladan, 2021 yil 20 may kuni kechasi soat 01:00larda, Chiroqchi tumani Umakay muntazam YPX maskanidan oʼtayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ichki ishlar organlari xodimlari eʼtiborini tortdi. Haydovchidan boshqa hech kim boʼlmasa-da, yukning ogʼirligidan avtomashina zoʼrgʼa yurib kelardi. Tekshiruvlar davomida Koson tumani “Paxtazor” MFYda yashovchi T. M oʼziga tegishli boʼlgan “Lasetti” avtomashinasida isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʼligʼi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʼtkazish maqsadini koʼzlab, isteʼmolga yaroqsiz boʼlgan hayvon goʼshtini avtomashinasiga ortib, nomaʼlum tomonga olib ketayotganida viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan aniqlandi. Haydovchidan jami 450 kg isteʼmolga yaroqsiz goʼsht mahsuloti tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Chiroqchi tumani hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʼlimining 2021 yil 03 iyunь kunidagi xulosasida taqdim qilingan 450 kg goʼsht mahsulotlari nomaʼlum hayvonga tegishli ekanligi va isteʼmolga yaroqsiz boʼlganligi sababli zararsizlantirilib, yoqish yoʼli bilan kuydirilib yoʼq qilinishi koʼrsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi TB tomonidan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.