Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan, Qashqadaryo viloyatini “Xavfsiz hudud”ga aylantirish maqsadida Milliy gvardiya, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralardan tuzilgan respublika ishchi guruhi oʼz faoliyatini boshladi.
Viloyat IIBda kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Viloyatning shahar-tuman IIBlari rahbarlari, Milliy gvardiya, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash va boshqa mutasaddi idoralar hududiy boʼlimlari xodimlari videoselektor orqali ishtirok etgan yigʼilishni Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev ochdi.
Sir emas, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida bir qator jinoyatlarning salmogʼi ortgan. Sodir etilayotgan jinoyatlar tahlil etilib, bu borada ishchi guruh tomonidan tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Rejaga koʼra, IIB xodimlari, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi, viloyat Xalq taʼlimi va Sogʼliqni saqlash boshqarmalari, viloyat Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi, xotin-qizlar masalalari boʼyicha inspektorlar, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʼrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi, voyaga yetmaganlar masalalari boʼyicha inspektor-psixologlar, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʼyicha yordamchilari va “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrulь guruhi aʼzolari biriktirilgan 9 ta maxsus guruhlar tuzilib, tunu kun 2 bosqichda xizmat olib borishi yoʼlga qoʼyildi.
Guruh aʼzolari yurish turishida shubha uygʼotgan, fuqarolar tomonidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlash va belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish, “Tigʼ” tadbiri davomida sovuq qurol yoki boshqa ashyolarni olib yurish qoidalarini buzgan shaxslarni aniqlab tegishli choralar koʼrish, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, profilaktik hisobda turuvchi ilgari sudlangan shaxslarni tekshirish va maʼmuriy nazorat oʼrnatish, profilaktik hisobga olingan shaxslarga murabbiylar biriktirish, sogʼliqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi shaxslarni tekshirish va davolanishga muhtojlarini tibbiyot muassasalariga joylashtirish, nizoli oilalarni oʼrganib, ulardagi maishiy muammolarni bartaraf etish va muammoli masalalarni hal etish maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritadi.
Shuningdek, qoʼriqlovga olingan obʼektlarda tashvish tugmasining ishchanlik holati, toʼgʼridan-toʼgʼri telefon liniyasi va kuzatuv kameralari ishlashi va yangilarini oʼrnatish, xonadon, kafe-bar, choyxona, tungi klub, kompьyuter xonalari, korxona va tashkilot, maktablar, maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo hamda boshqa inshootlarni oʼrganib, qoʼriqlash pulьtiga ulash, ichki ishlar organlariga biriktirilgan maktablar faoliyatini tanqidiy oʼrganib chiqish va tegishli choralarni belgilash, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratish, haydovchilik oʼquv kursiga yoʼnaltirish hamda doimiy ishga joylashtirish choralarini koʼrish, “Аyollar daftari”dagi fuqarolarga amaliy yordam koʼrsatib, roʼyxatdan chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yaxshilanishi natijasida “Temir daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qoʼllab-quvvatlashga amaliy yordam koʼrsatadi.
Ushbu jarayonda nazorat ostidagi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʼtkazish, ozodlikni cheklash jazosini oʼtayotgan shaxslarning cheklovlarga rioya qilinishini tekshirish va sud tomonidan oʼrnatilgan cheklovlarni buzib kelayotgan, axloq tuzatish ishlari jazosini oʼtayotgan shaxslarning ish joylarida jazo oʼtashini oʼrganish va oʼrganish vaqtida ish joyida boʼlmasdan jazo oʼtash tartibini buzib kelayotgan, nazorat ostidagi shaxslarni ishga joylashtirish, sud tomonidan tayinlangan jazoni oʼtashdan boʼyin tovlaganligi uchun nazorat ostidagi shaxslarning jazosini ogʼiriga almashtirish, jazoni oʼtash vaqtida tuzalish yoʼliga kirgan nazoratdagi shaxslar muddatidan ilgari jazodan ozod etish ishlari ham nazoratdan oʼtkaziladi.
Bundan tashqari “Uyushmagan yoshlar”, “Yoshlar”, “Sportchilar”, “Jangovar sport turi bilan shugʼullanuvchilar” toʼplanadigan noqonuniy joylarni aniqlash, yoshlar orasida ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarni sodir etishga moyillari hamda yetakchilikka intilayotganlarini aniqlash, “Xavfli guruh”ga mansub joylarni tanlab olib, mazkur hududlarda tungi reydlarni oʼtkazish ham eʼtibordan chetda qolmaydi.
Ijtimoiy-siyosiy vaziyat, uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar, “Tigʼ” tadbiri davomida sovuq qurol yoki boshqa ashyolarni olib yurish qoidalarini buzgan shaxslarni aniqlash, nomaʼlum shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni fosh etilish, bedarak yoʼqolgan shaxslarni aniqlash va qidiruvdagi shaxslarni ushlash tadbir rejasidan oʼrin olgan.
Odatda jinoyatlar sodir etilishiga koʼproq spirtli ichimliklar sabab boʼlayotgani hech kimga sir emas. Shu bois spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi doʼkonlar, chakana va quyib sotish joylarida mast holatdagi shaxslar tomonidan janjal koʼtarilishini oldini olish maqsadida noqonuniy alkogolь savdosi bilan shugʼullanuvchi shaxslarni aniqlab chora koʼrish, noqonuniy dori vositalarini sotish bilan shugʼullanayotgan dorixonalarni aniqlash, kafe, bar, tungi klublar, kompьyuter xonalari va boshqa koʼngilochar maskanlarda tungi vaqtda kuzatuvsiz yurgan voyaga yetmaganlarni va jinoyat sodir etishga moyil boʼlgan yoshlarni nazorat qilish maqsadida reydlar uyushtirish, hushyorxonada mast fuqarolar uchun oʼrinlar tashkil etilganligini oʼrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish koʼzda tutilgan.
Koʼcha va jamoat joylarining yoritilmagan joylariga chiroqlar oʼrnatish, korxona, muassasa va tashkilotlarning qorovullari faoliyatini oʼrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʼriladi.
Jinoiy unsurlar toʼplanishi mumkin boʼlgan joylarni aniqlash, ov quroli egalarini tekshirib, roʼyxatdan oʼtkazish muddatini buzgan shaxslarga qonuniy chora koʼrish, fuqarolar ixtiyoridagi qurol va oʼq dorilarni ixtiyoriy ravishda IIBga topshirish boʼyicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Ushbu jarayonda Yoʼl harakati qoidalarini buzgan, yangi namunadagi alkotesterlardan foydalanib, maxsus reydlar oʼtkazish va transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilarga tegishli choralar koʼrish, gaz uskunalari oʼrnatilgan transport vositalarini hatlovdan oʼtkazish, qidiruvdagi transport vositalari, avtomobilida sovuq qurol yoki boshqa taqiqlangan ashyolar va giyohvandlik vositalarini olib yurgan shaxslarni aniqlash ishlari kuchaytiriladi.
Аlbatta, hushyorlik - xatarga qalqon. Tadbir davomida yoʼl-transport hodisalari koʼp sodir etiladigan joylarga, fotoradar, svetafor, yoʼl belgilarini oʼrnatish va yoʼl chiziqlarini chizish, noqonuniy avtoturargohlarni aniqlab, 3.27 yoʼl belgisini oʼrnatish diqqat-markazda boʼladi. Ushbu jarayonda viloyatdagi maktablarga ham svetafor, sunʼiy notekislik va shu kabi yoʼl harakati ishora belgilarini oʼrnatish hamda yoʼl chiziqlarini chizish ishlari amalga oshirilishi yuzasida ishchi guruh aʼzolariga alohida topshiriqlar berilib, ijrosi nazortga olindi.