25 Yanvar 2024 yil 598

Insonparvarlik namunasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 4 dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, norasmiy radikal oqimlar, din niqobi ostida internetdan foydalanib, taqiqlangan tashkilotlarga a’zo bo‘lib, turli buzg‘unchi yot g‘oyalarni targ‘ib etuvchi materiallarni tarqatgani uchun  jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh shaxslar ozod bo‘lishgandi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev yaqinda jazodan ozod etilgan shaxslarning turmush tarzi, kundalik va maishiy muammolarini hal etish maqsadida ular bilan uchrashdi.

Tadbirda bugungi kunda ozod va obod yurtimizda so‘z va e’tiqod, vijdon erkinligi, huquqlarimiz daxlsizligi ta’minlanganligi qayd etildi.

Davlatimiz tomonidan barcha fuqarolarga, jumladan, jazodan ozod etilgan mahkumlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, ularni jamiyatning sog‘lom muhitiga qaytarib, oilasi bag‘rida munosib hayot kechirishi uchun berilagan bu imkoniyatdan unumli foydalanishlari haqida tushunchalar berildi. 

Amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilgan shaxslar bilan suhbat davomida ularning bir martalik moddiy yordam puli, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi qayd etildi. Shu bilan birga yashash manzilida doimiy ish bilan ta’minlangani, ijtimoiy va maishiy muammolari o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi. Ular ijtimoiy hayotga moslashishi uchun murabbiylar biriktirildi.

Uchrashuv so‘nggida jazodan ozod etilgan shaxslar mamlakatimizda insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati olib borilayotganligini, buning uchun hukumatimizdan minnatdor ekanliklarini aytib kelgusi hayotini yurt ravnaqi, oilasi farovonligi yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlashini bildirishdi.

Text to speech