Insonga yot odat
Buyuk va nozik hilqat, yaratuvchi zot - ayollarning hayotda oʼrni beqiyos. Shu bois dunyoda ona mehridan ulugʼ his yoʼq. Farzandiga bor mehrini, kerak boʼlsa jonini fido qiluvchi ayollar orasida ham nafs komiga tushib ona degan buyuk nomga dogʼ tushirayotganlar borligi achinarli. Jumladan, Chiroqchi tumani roʼyxatida turib, Shahrisabz shahrida vaqtincha yashovchi (ism-familiyalar oʼzgargan) 35 yoshli Аsila Аchilova va Kitob tumanida doimiy ruyxatda turib, vaqtincha Shahrisabz shahri “Laylakon” MFYda yashovchi 43 yoshli Аmira Аdilova Аsilaning 4 yoshli oʼgʼli Toirov Toʼlqinni sotishga qaror qilishadi.
Bu holatdan xabar topgan Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, viloyat IIB, Shahrisabz tumani IIB va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda Аsila Аchilova va Аmira Аdilova Toirov Toʼlqinni Shahrisabz tumani “Loliston” MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida xaridorga 25.000.000 soʼm evaziga sotayotganda qoʼlga olindi.
Oʼyga tolasan, kishi ona oʼz jigargoʼshasini pullash evaziga nimaga erishmoqchi boʼlgan?! Endi ona farzandi voyaga yetganda uning yuziga qanday qaraydi. El ichida qanday bosh koʼtarib yuradi. Bu savollarga, albatta, vaqt oʼz javobini beradi. Nima boʼlgandayam huquq-tartibot idoralari xodimlarining ziyrakligi va tezkor xatti-harakati bois jinoyatchilar “issiq izlar”da qoʼlga olindi.