4 Avgust 2023 yil 258

Inson qadri ustuvor

Inson qadri ustuvor darajaga ko‘tarilgan yurtimizda fuqarolarni kundalik muammolarini “mahallabay” va “fuqarobay” tizim asosida birma-bir o‘rganish, bu borada aniqlangan yumushlarni manzilli ravishda bartaraf etish borasida Qashqadaryo viloyatida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, viloyatda sektor rahbarlari va ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Rajapov Koson tumani 3-sektoridagi “Esaboy” mahallasida istiqomat qilayotgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bandligi ta’minlanmagan, nogiron yigit-qizlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlarini o‘rganish maqsadida ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida ma’naviy va iqtisodiy ko‘makka muhtoj 39 nafar turli toifadagi yoshlar ro‘yxati shakllantirildi.

Ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yoshlarning 22 nafarida o‘zini o‘zi band qilish maqsadida tikuv mashinkasi, motokultivator, imtiyozli kredit va yer ajratish, sport anjomlari va bepul davolanish uchun tibbiy yo‘llanmalar zarurligi qayd qilinib, ishchi guruh rahbari Baxtiyor Rajapov boshchiligida yechimini topish choralari ko‘rildi.

Yaqinda nogironligi bo‘lgan 10 nafar yoshlarga bepul davolanish uchun tibbiy yo‘llanmalar berildi.

Bundan tashqari bir nafar  yoshga kurash turiga oid sport anjomlari, bir nafariga sartaroshxona uchun havo sovutkichi, 7 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinkalari va oziq ovqat mahsulotlari berildi.

Tadbir doirasida yoshlar bilan uzviy muloqotda bo‘lish, muamolarini hal etish maqsadida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ularning ota-onalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘ldi va shaxsiy telefon raqamini berib, bolalar kelajagi uchun ular bilan baravar mas’ul ekanligini ta’kidladi.  

Bu boradagi ishlar viloyat miqyosida davom ettirilmoqda.

Text to speech