21 May 2024 yil 377

Ilmiy-amaliy anjuman

Qarshi davlat universitetida “Turkiston ma’rifatparvar ziyolilar merosining fan, adabiyot, madaniyat hamda ma’naviyat taraqqiyotidagi o‘rni”
mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlari asosida o‘tgan asrning boshlarida va oxirgi choragida qatag‘onga uchragan millat o‘g‘lonlarining faoliyati va ayanchli taqdiri xususida so‘z yuritishdi.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar organlarida ham qatag‘onga uchragan xodimlar bor. Ularning faoliyati va taqdiri bilan bog‘liq holatlarni aniqlashtirish maqsadida IIVning 2023 yil 27 dekabr kunidagi tegishli farmoyishiga asosan joylarda qatag‘on qurbonlariga uchragan IIO xodimlarini aniqlash bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari tashkil etildi.
Sobiq ittifoq tuzumi davrida 1937-1938-yillar, 1940-1950-yillar va 1980-yillar o‘rtalarida nohaq qatag‘on qilingan ichki ishlar organlari xodimlari, ularning oila a’zolari va farzandlari to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planib, o‘z vaqtida boshqarma va vazirlik ishchi guruhiga taqdim etib borish uchun tajribali mas’ul xodimlar ajratilib, Qatag‘on qurboni bo‘lgan sobiq ichki ishlar organlari xodimlari viloyat miqyosida nomma-nom aniqlanib, aniq ro‘yxatini shakllantirildi.
Hozirda viloyat hududida o‘tgan asrning 80 yillaridan keyin nohaq qatag‘onga uchragan uch nafar IIO xodimlari - marhum polkovniklar Norbo‘tayev Xushvaqt Norbo‘tayevich (Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘i), Do‘stov Abdurashid Do‘stovich (Buxoro viloyat IIB boshlig‘i) va Ochilov To‘ra (Buxoro viloyat IIB YHXB boshlig‘i)larning yaqin qarindoshlari bilan suhbat o‘tkazilib, dastlabki ma’lumotlar olindi.
Qatag‘on qilingan xodimlarning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar, o‘sha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralari yozib olindi. Oilaviy arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlar o‘rganilib, suratlari jamlandi. Ularning oila a’zolari, farzandlari va yaqin qarindoshlari bilan suhbatlar o‘tkazilib, maqola va video materiallar shaklida IIV Ishchi guruhiga taqdim etilgani qayd etildi.
Bundan tashqari viloyat IIB tashabbusi bilan Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari bilan hamkorlikda 1876 yilda tug‘ilgan, Shahrisabz viloyati militsiya boshlig‘i lavozimida ishlab Qatag‘onga uchragan Isoqul hoji Ne’matullo o‘g‘lining faoliyatiga oid maqola va ma’lumotlar IIV Ishchi guruhiga taqdim etildi.
Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan tayorlanayotgan kitob bo‘yicha amaliy yordam berish bo‘yicha xodimlar, ichki ishlar organlari faxriylari, tarixchi olimlardan iborat ishchi guruh nohaq qatag‘onga uchragan ichki ishlar organlari xodimlarining nomlarini tiklash va yosh avlodga yetkazish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada yuksaltirish hamda Ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylarning kelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini, ibrat namunalarini ommalashtirish maqsadida faoliyat olib bormoqda.

Text to speech