Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisiga Prezidentimiz tabrigi va pul mukofoti topshirildi
Qamashi tumanida istiqomat qilayotgan urush faxriysi Ro‘ziboy Sattorovga "9 may - Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan Prezidentimizning tabrigi va pul mukofoti tantanali topshirildi.
Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvohid Ismoilov Qamashi tumani hokimi Xurshid Usmonov va sektor rahbarlari, “Nuroniy” jamg‘armasi, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar va faol yoshlar ishtirokida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro‘ziboy Sattorov xonadonida bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. 20 million so‘mlik bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
114 yoshni qarshilagan Ro‘ziboy bobo Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor qildi. Qo‘llarini duoga ochib yurtimizga tinchlik, olib borilayotgan ezgu ishlarning barakali bo‘lishini tiladi.