23 Iyul 2021 yil 719

Ijarada istiqomat qiluvchi xodimlarga pul kompensatsiyalari toʼlandi

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 08 iyunь kunidagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash va yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish toʼgʼrisida”gi buyrugʼiga binoan ichki ishlar organlari xodimlarning turar joy, maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash, ularni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash hamda bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʼining 2021 yil 29 iyunь kunidagi “Uy-joy maishiy komissiya tarkibini tasdiqlash haqida”gi buyrugʼi chiqqandi. Mazkur buyruq talabiga binoan ijarada istiqomat qiluvchi bir guruh ichki ishlar organlari xodimlariga dastlabki pul kompensatsiyasi toʼlab berildi.
Endilikda ijarada yashovchi ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy uchun ijara toʼlovi davlat byudjetidan qoplanadi. Shu maʼnoda Qashqadaryo ichki ishlar boshqarmasida tadbir tashkil etilib, ijarada yashovchi soha vakillariga turar joy uchun bir oylik ijara pullari topshirildi. Tadbirda viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi rahbarlari tizimda kechayotgan islohotlar, xususan ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʼgʼrisida atroflicha toʼxtaldi.
Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarining bu taxlitda qoʼllab-quvvatlanishi soha vakillarining faoliyat samaradorligini oshirishi shubhasiz. Yigʼilishda ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash borasida ham izchil ishlar amalga oshirilayotgani bildirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Text to speech