5 Sentyabr 2022 yil 380

IIV Qashqadaryo akademik litseyida bilimlar kuni

IIV Qashqadaryo akademik litseyida bilimlar kuni
IIV Qashqadaryo akademik litseyida bilimlar kuni munosabati bilan viloyat IIB rahbariyati, ota-onalar, litsey oʼqituvchilari va oʼquvchilari ishtirokida tadbir boʼlib oʼtdi. Tadbirni boshqarma boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Olimjon Аbdullaev ochib, oʼquv yili boshlanishi munosabati bilan litsey pedagogik jamoasi, oʼquvchilari va yangi qabul qilingan oʼquvchilarni qutladi. Bu yilgi oʼquv jarayonida litsey oʼquvchilari IIV va boshqa oliy taʼlim muassasalariga eng yuqori ballar asosida qabul qilinganini taʼkidlab, amaldagi yilda ham oʼquvchilar kitobxonlik, bilimlar bellashuvi va sport sohalarida yangi marralarni zabt etishiga ishonch bildirdi.
Tadbirda boshqarma Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov soʼzga chiqib, ichki ishlar organlari xizmati oʼta mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb ekanligini, bu kasb kishidan yuksak sabot va matonatni talab etishini bildirdi. Oʼquvchilar dars mashgʼulotlarini puxta oʼzlashtirish bilan birga jismoniy chiniqish uchun muntazam sport bilan shugʼullanish lozimligini taʼkidladi.
Oʼquvchilarga dars mashgʼulotlarini puxta oʼzlashtirish, ustozlar oʼgitiga amal qilgan har qanday oʼquvchi koʼzlagan maqsadiga erishishi uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan, - dedi litsey direktori podpolkovnik Mirzoxid Doʼstyorov.
Litseyni muvaffaqiyatli bitirib, IIV Аkademiyasi tinglovchilari safidan joy olgan bir guruh oʼquvchilarning ota-onalari soʼzga chiqib, farzandlari sohaga boʼlgan qiziqish tufayli mana shu taʼlim dargohida oʼqib, tahsil olgani va oʼqituvchilarning bergan bilimi tufayli nufuzli oliygoh talabasi boʼlganini bildirib, litsey pedagogik jamoasiga oʼz minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbir yakunida oʼquvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishdan soʼng tantanali marsh sadolari ostida oʼquvchilar dars mashgʼulotlariga kirishdilar.

Text to speech