21 Sentyabr 2024 yil 488

IIV kubogi g‘oliblari aniqlandi


Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirishda sportning ahamiyati katta. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirining 2024 yil 05 sentyabr kunidagi “Ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari terma jamoalari o‘rtasida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, uch kun davom etgan musobaqalarda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan ichki ishlar organlarining sportchilari sakkiz vazn toifasida o‘zaro bellashdilar.
Qarshi shahridagi huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi sport saroyida bo‘lib o‘tgan musobaqalar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechdi.
Adolatli hakamlar hay’ati, yaratilgan qulay shart-sharoitlar musobaqaning yanada qiziqarli va shiddat bilan o‘tishiga zamin hozirladi.
Murosasiz o‘tgan bahslarning final bosqichlarini muxlislar katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.
Kuchlilar va tajribalilarga g‘alaba nasib etgan sport musobaqasining shaxsiy birinchillik bahslarida Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi 57 kilogram vazn toifasida Jurabayev Xudoyberdi, Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi 62 kilogram vazn toifasida Mardonov Islombek, Samarkand viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi 67 kilogram vazn toifasida Normurododov Orif, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimi 80 kilogram vazn toifasida Xujamberdiyev Dilmurod, Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi 88 kilogram vazn toifasida Turayev Xasan, va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar boshqarmasi xodimi 97 kilogram vazn toifasida Ochilov Bexruz va Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi +97 kilogram vazn toifasida Mo‘minov Shaxboz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida esa faxrli 1-o‘rinni Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoasi band etdi. Navbatdagi sovrinli o‘rinlar Jizzax viloyat boshqarmasi va Qashqadaryo va Navoiy jamoalariga nasib etdi.
G‘olib polvonlar va jamoalar Ichki ishlar vazirligining kubogi, diplomlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Text to speech