28 Avgust 2021 yil 689

Chiroqchi tumanida sodir etilgan ichkilik oqibati vujudga kelgan jinoyat muhokamsi boʼlib oʼtdi


Chiroqchi tumanida shu yil 24 avgustidan 25 avgust kuniga oʼtar kechasi soat taxminan 24:00larda ota va bola oʼrtasidagi janjal oʼlim bilan tugagani haqidagi mudhish xabar tergov-tezkor guruhi aʼzolarini voqea joyiga yoʼnaltirdi. Voqea joyi - tumanning Taragʼay mahallasiga ertasi kuni ertalab yetib borgan ichki ishlar organlari xodimlari ota boʼlmish Аbdizoidni Chiroqchi tumani ichki ishlar boshqarmasiga keltirishdi.
Yaqinda sodir etilgan mudhish jinoyatni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlar va omillarni tahlil etish, kelgusida bu kabi salbiy oqibatli voqea-hodisalarni oldini olish maqsadida Chiroqchi tumani Taragʼay MFYda joylashgan maktabda viloyat ichki ishlar boshqarmasi, tuman hokimligi, tuman Ichki ishlar boshqamasi, 4-sektor ishchi guruhi hamda oila va mahallani qoʼllab-quvvatlash tuman boʼlimi, hamda mahalla faollari va marhumning yaqin qarindoshlari ishtirokida muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Spirtli ichimlikka roʼju qoʼyish, oilaviy munosabatlariga yengil-elpi, turmush tashvishlariga yuzaki qarash oqibatida yuz bergan jinoyat yuzasidan atroflicha fikr yuritgan Chiroqchi tuman Ichki ishlar boshqamasi boshligʼi polkovnik Аktamali Beshimqulov muqaddam ikki marta sudlangan ota Аbdizoidning hayot tarzi va yurish-turishidan nahotki mahalla faollari, profilaktika inspektori va qarindoshlar bexabarligiga alohida toʼxtaldi.
Yoshi bir joyni qoralab qolgan Аbdizoid muttasil ravishda oʼgʼli bilan “oila boqishga nomunosibsan” deb tortishib kelgan. Natijada oʼrtada janjal chiqib, ota temir boʼlagi bilan oʼgʼlini ayovsiz kaltaklagan. Olgan ogʼir zarbalari tufayli Аbdivoxid vafot etgan.
Oʼylab koʼrilsa, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga yoshlik qilibdida deymiz. Yoshi bir joyni qoralab qolgan bu odamning xatti-harakatini qanday izohlash mumkin?! Joylarda odamlarning kundalik tashvishi va dardu muammolari bilan shugʼullanishi lozim boʼlgan mahalla rahbariyati, oqsoqollar, qoʼni-qoʼshni qolaversa, kayvonilar, qarindosh-urugʼlar qayoqqa “qaragani” bugun nomaʼlum. Ota-bolaning uyda kunora yoki muttasil boʼlib kelgan janjalidan qarindoshlarning xabari boʼlgan. Faqat uni insofga, ota-bolani murosaga chaqirish ishlari nomigagina yoki boʼlmasa umuman amalga oshirilmagan. Natijada bola ham ota singari aroqqa roʼju qoʼygan. Oqibat esa otani jinoyatchi degan tamgʼani olishga va el aro yuzi shuvit boʼlishga olib keldi.
Xalqimizda soʼnggi pushaymon oʼzingga dushman, degan naql bor. Ota Аbdizoid qilgan qilmishidan pushaymon boʼlib, kelgusida achchiq qismat, qarindosh-urugʼlar oldida yuzi shuvit boʼldi. Lekin soʼnggi pushaymondan endi foyda yoʼq.

Text to speech