Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev profilaktika inspektorlari va ularning oila aʼzolari bilan Qarshi va Shahrisabz shaharlarida yigʼilish oʼtkazdi
Аvval xabar berganimizdek, Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida boshqarmaning shahar-tumanlari IIBlarida xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlariga xizmat oʼtash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, fuqarolarni tashvish va muammolarini hal etilishi va bu borada uchrayotgan muammolar tahlili boʼyicha profilaktika inspektorlari va ularning oila aʼzolari bilan uchrashuv oʼtkazdi. Vohaning shahar-tumanlari IIBlarida xizmat oʼtayotgan profilaktika inspektorlari bilan vazir oʼrinbosari hududiy joylashuviga koʼra Qarshi va Shahrisabz shaharlarida yigʼilish oʼtkazdi.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar va oʼzgarishlar soha vakillarining xalq xizmati va osoyishtaligi yoʼlidagi faoliyatiga asos boʼlmoqda. Xalq bilan ishlashda eng yaqin boʼgʼin hisoblangan profilaktika xizmatini yanada takomillashtirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish va pirovardida fuqarolarning osuda, farovon turmushiga zamin hozirlash bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi deyish mumkin.
Mamlakatimizda jinoyatchilikning ildiziga bolta urish, huquqbuzarliklarni erta aniqlab oldini olish borasida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari amalga oshirayotgan ishlar eʼtirofga molik. Bunga har qanday vaziyatda ham fuqarolar birinchi boʼlib profilaktika inspektoriga murojaat etishini keltirib oʼtish kifoya. Shu bois mamlakatimizda profilaktika xizmatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini xizmat uylari va imtiyoz asosida avtomashina bilan taʼminlash, farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirishi uchun imtiyozli yoʼllanmalar ajratilayotgani ana shular jumlasidan. Qolaversa, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʼyicha yordamchisi lavozimi joriy etildi. Faoliyat davomida xizmatga koʼnikma, sohaga oid bilim va malaka toʼplagan bu yoshlar bugun profilaktika inspektoriga beminnat koʼmakchi boʼlib xizmat qilmoqda.
Xalq xizmatini oliy sharaf bilib, odamlarning yaxshi yomon kunida yelkadosh va madadkor boʼlib, yosh xodimlarda xizmatga koʼnikma shakllantirish bilan birga vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirishda fidoyilik namunalarini koʼrsatib kelayotgan bir guruh profilaktika inspektorlari va ularning ota-onasiga Ichki ishlar vaziri oʼrinbosarining “Minnatdorchilik xati” va qimmatbaho sovgʼalari topshirildi. Tadbir doirasida Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev Shahrisabz shahridagi "Xabarlik" mahallasidagi 54/12-sonli mahalla huquq-tartibot maskanida boʼlib,kelgusida amalga oshirilishi lozim boʼlgan tegishli taklif va tavsiyalarini berdi.