Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev Chiroqchilik yoshlar bilan uchrashdi
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan shior asosida nafaqat mahalliy, balki Respublika miqyosidagi masʼul rahbar xodimlar joylarga chiqqan holda aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilishib, ularning muammolari va dardu-tashvishlari yuzasidan amaliy koʼmak berishmoqda.
Аna shunday uchrashuvlardan biri Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʼrinbosari, jamoat xavfsizligi departamenti boshligʼi, polkovnik Bekmurod Аbdullaev hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi oʼrinbosari Sherzod Olimov Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi masʼul vakillari ishtirokida Chiroqchi tumani Madaniyat markazida yoshlar bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi, tadbirni Chiroqchi tumani hokimi oʼrinbosari Yerkin Boboqulov ochib berdi. Uchrashuvda yoshlar turli soha boʼyicha savol va takliflari bilan vazir oʼrinbosariga murojaat yoʼlladi va masalalarning ijobiy hal etilishi toʼgʼrisida vazir oʼrinbosari oʼz fikr-mulohazalarini bildirib, tadbirning oʼzida masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yukladi.
"Yoshlar daftari"ga kiritilgan 87 nafar yoshlarga oʼzini-oʼzi band qilishi uchun tikuv mashinasi, elektr payvandlash, qurilishda ishlatiladigan anjomlar, motopila, mashina yuvish uchun moslamasi hamda elektr pech berildi. Endi ular egallagan hunarlari ortidan oilasining moddiy ahvolini yaxshilashga va oʼz ish oʼrniga ega insonlarga aylanishdi.
Shuningdek, tadbir davomida "Аyollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 11 nafar fuqarolarning farzandlariga maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanishi uchun yoʼllanmalar berilgan boʼlsa, ayollar va yoshlar daftariga kiritilgan fuqarolarning 5 nafariga salomatligini tiklash uchun Orderlar berildi.
Shundan soʼng, harbiy qurol-aslahalar namoyishi va harbiylar ishtirokida jangovor chiqishlar namoyish etildi. Tadbir davomida mahalliy sanʼatkorlarimiz tomonidan Vatanni ulugʼlovchi kuy va qoʼshiqlar ijro etilib, ishtirokchilariga oʼzgacha kayfiyat ulashdi.