Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyida bilimlar kuni keng nishonlandi
Bugun Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyida bilimlar kuni keng nishonlandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, ota-onalar, litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirni boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Talat Mamatqulov ochib, o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan dargohda ilk tahsilni boshlayotgan yoshlarni bilimlar kuni va birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari bilan o‘quvchilarni qutladi. O‘quvchilarga o‘qishlarida omad tiladi. Bu yilgi o‘quv jarayonida ham o‘quvchilar kitobxonlik, bilimlar bellashuvi va sport sohalarida yangi marralarni zabt etishiga ishonch bildirdi.
Tadbirda so‘z olganlar ichki ishlar organlari xizmati o‘ta mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb ekanligini, bu kasb kishidan yuksak sabot va matonatni talab etishini bildirishdi. O‘quvchilar dars mashg‘ulotlarini puxta o‘zlashtirish bilan birga jismoniy chiniqish uchun muntazam sport bilan shug‘ullanishi lozimligi ta’kidladilar.
Litseyni muvaffaqiyatli bitirib, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tinglovchilari safidan joy olgan bir guruh o‘quvchilarning ota-onalari so‘zga chiqib, farzandlari sohaga bo‘lgan qiziqish tufayli mana shu ta’lim dargohida o‘qib, tahsil olgani va o‘qituvchilarning bergan bilimi tufayli nufuzli oliygoh talabasi bo‘lganligini faxr bilan bildirishdi.
O‘z ustida ishlash, muntazam kitob mutolasi bilan shug‘ullanish, o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda ustozlar o‘gitiga amal qilgan har qanday o‘quvchi ko‘zlagan maqsadiga erishishi uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etdi.