XOTIRA ABADIY – QADR MUQADDAS
XOTIRA ABADIY – QADR MUQADDAS
9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati IIB Xotira monumentida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochib, yurtimizda mana bir necha yildirki, 9 may – Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlab kelinayotganini, bunga xalqimizning mard o‘g‘lonlari ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, fashizm balosini yer yuzidan supurib tashlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shganini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, viloyat ichki ishlar organlarining 97 nafar xodimi ham janglarda ishtirok etgan. Ularning ayrimlari janggohlarda halok bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari nogiron, bir qismi esa urushdan qaytib kelib ichki ishlar organlarida uzoq yillar el osoyishtaligi yo‘lida samarali xizmat qildilar. Hamon oramizda qanchadan qancha mash’um urush qatnashchilari, front ortida mehnat qilib mashaqqat chekkan otaxon va onaxonlarimz bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni qadrlash, ularga hurmat ehtirom ko‘rsatish bugungi yosh avlodning vazifasi.
- Xuddi shu qatorda ichki ishlar organlarida mustaqilligimizni mustahkamlash, el osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash yo‘lida samarali xizmat qilib bor bilimi va tajribasini ishga solib kezi kelganda jonini fido etgan soha fidoyilarini ham xotirasini yod etish ham farz, ham qarz, - dedi tadbirda boshqarma Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik S.Islomov. – Viloyat IIBning Xotira monumentida nomlari bitilgan mana bu o‘g‘lonlar ham tom ma’noda o‘zidan o‘chmas iz qoldirdi, desak mubolag‘a emas. Chunki mardlik va fidoyilik namunasini ko‘rsatib, kezi kelganda hayotini xavf-xatarga qo‘ygan bu o‘g‘lonlar tom ma’noda mustaqilligimizni mustahkamlash, osoyishta turmushga zamin hozirlash uchun jonidan kechdi. Mardligi va matonati, olijanobligi, qahramonligi bilan xalqimiz tarixi sahifalariga bitilgan bu o‘g‘lonlar xotirasi barchamizning qalbimizda abadiy saqlanadi.
Tadbirda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga hurmat ehtirom ko‘rsatildi. Ularning xotirasi abadiylashtirilib, jasorati yosh avlodlarga yetkazilayotgani bu o‘z navbatida yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilgan bu qahramonlarning ko‘rsatgan jasorati va mardligi barcha uchun ibrat mayog‘i. Qahramonlarning yorqin xotirasi mangu barhayotdir.