Xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligi – asosiy maqsadimiz
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi 939-sonli qarori bilan ichki ishlar organlari tizimida xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari tashkil etilib, ularning asosiy faoliyat yo'nalishi etib tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta'minlash belgilab qo'yilgan.
Qashqadaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni taminlash boshqarmasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri – turli yurtlardan va qo'shni viloyatlardan kelgan mehmonlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir. Xodimlar chet el fuqarolari bilan muntazam ravishda suhbatlar o'tkazib, ularga yurtimizda istiqomat qilish qoidalari, ro'yxatdan o'tish tartibi, belgilangan qoidalarga rioya qilish to'g'risida ma'lumot berib kelishmoqda.
Bundan tashqari, xodimlar tomonidan nafaqat sayyohlarning xavfsizligini ta'minlashda, balki ularga zarur bo'lgan har qanday masalada yordam ko'rsatilmoqda. Masalan, sayyohning sog'ligi yomonlashsa unga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish hamda tez tibbiy yordam chaqirish, zarur bo'lsa shifoxonaga olib borish, unutib qoldirilgan shaxsiy narsa-buyumlarini topishda ko'maklashish yoki adashib qolgan sayyohlarga yo'l ko'rsatib qo'yish kabilar.
Shuningdek, boshqarma xodimlari tomonidan tizimli ravishda turizm namoyish ob'ektlari xodimlari, mehmonxona ishchilari, turistik firmalar va boshqa sayyohlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi sub'ektlar, tadbirkorlik nuqtalari vakillari bilan profilaktik suhbatlar o'tkazilib, ularga turistlar xavfsizligini ta'minlashda hamda tegishli qonuniy xizmatlar ko'rsatishda maqbul tartib-qoidalarni tushuntirib kelinmoqda. Suhbatlar davomida tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy fuqarolar bilan xushmuomalada bo'lish, ularning shaxsiy buyumlariga ehtiyotkor bo'lishlari, sayyohlarga har qanday masalada yordam zaruriyati tug'ilganida yoki ularga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi navbatchilik qismining (75) 521-25-05 telefon raqamiga murojaat etishlari ta'kidlanib kelinmoqda.