TАNQIDIY TАHLIL VА USTUVOR VАZIFАLАR FАOLIYАT SАMАRАDORLIGIGА XIZMАT QILАDI
Qashqadaryo viloyati IIBda joriy yilning yanvar va fevral oyining oʼn kunligi yakunlariga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari, shahar va tuman IIB boshliqlari va ularning oʼrinbosarlari, tezkor xizmat vakillari ishtirok etdi. Yigʼilishni viloyat IIB boshligʼi, polkovnik Sh.Satvolidiev ochdi.
Boshqarma boshligʼi oʼz soʼzida oʼtgan oyda viloyatda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izlar”da fosh etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil qildi. Ichki ishlar idoralari xodimlarining faoliyat davomida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini munosib himoya qilish, vohada jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish va ildiziga bolta urish va unga qarshi kurash, sodir etilganlarini izi sovumay fosh etish, qonunbuzarliklarga barham berish, jamoat va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar talab darajasida emasligini taʼkidladi. Bunda jinoyatlarni fosh etishda tezkor va sohaviy xizmatlar xodimlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan oʼzaro hamkorlikdagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligini ishtirokchilarga uqtirdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlashda keng jamoatchilik, ayniqsa, mahalliy hokimliklar, qishloq, mahalla faollari, korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozim. Ushbu jarayonda ogohlikni yanada kengroq targʼib etib, yoshlarni giyohvandlik va boshqa turli illatlar domiga tushib qolishining oldini olish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʼlgan masalalar boʼyicha sohaviy xizmatlar rahbarlari vazifador etilib, masʼuliyati oshirildi.
Qarshi shahrini jinoyatchilikdan xoli “xavfsiz hudud”ga aylantirish, har bir maʼmuriy hududni mahallabay kesimida qamrovga olish, jinoyat sodir etilishiga yoʼl qoʼymaslik uchun avvalo, fuqarolarning huquqiy ongini boyitish, oʼz mulkiga boʼlgan eʼtiborini oshirish, oʼgʼirlik va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish borasida profilaktik ishlarini kuchaytirish lozimligi boʼyicha sektor rahbarlari oldiga aniq vazifalar qoʼyildi.
Kengaytirilgan yigʼilishda erishilgan yutuqlar bilan birga yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar oshkora muhokama etilib, kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.