“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi”
Аvval xabar berganimizdek, Qarshi shahridagi koʼrish boʼyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 18-son maktab internatining Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi otaligʼiga olingani koʼpchilikka yaxshi maʼlum. Oʼtgan qisqa vaqtda viloyat ichski ishlar boshqarmasi rahbariyatining tashabbusi bilan maktabda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 21 mart – Navroʼz umumxalq bayrami munosabati bilan maktabda bayram tadbiri uyushtirildi.
“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” shiori ostida boʼlib oʼtgan bayram tadbirida viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, maktab oʼqituvchilari va oʼquvchilari, tarbiyachilar ishtirok etishdi. Bolajonlarga bayram dasturxoni yozilib, osh tortildi.
Yasharish va yangilanish ayyomi Navroʼzi olam bayrami munosabati bilan maktabda tahsil olayotgan 250 nafar oʼquvchilar ertak qahramonlarining chiqishlari, Navroʼzni tarannum etuvchi shoʼx-kuy qoʼshiqlar ijro etilgani bolajonlarga oʼzgacha zavq ulashdi.
Garchi imkoniyati cheklangan boʼlsa-da, bolajonlar bayramdan bir olam zavq olgani ularning soʼzlari va yuzlaridagi quvonchda zohir boʼldi.