Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan Qarshi shahridagi 18-sonli koʼrish boʼyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram boʼlib oʼtdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, maktab oʼqituvchilari va oʼquvchilari hamda tarbiyachilar ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasida taʼlim olayotgan 88 nafar qizlar va oʼquvchilarga taʼlim-tarbiya berayotgan 52 nafar oʼqituvchi va tarbiyachilarga bayram sovgʼalari ulashdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan maxsus taʼlim va tarbiya maskanlari davlatimizning huquq-tartibot idoralari otaligʼiga oʼtkazilib, ularning taʼlim-tarbiya va oʼqish sharoitlari doimiy eʼtiborda boʼlishi taʼminlanmoqda. Bunday eʼtibor va gʼamxoʼrlik garchi imkoniyati cheklangan boʼlsa-da, bolajonlarning doimiy eʼtibor va gʼamxoʼrlikda ona-Vatanga muhabbat ruhida kamol topishlariga, fan sirlarini puxta oʼzlashtirib, yurt taraqqiyotiga oʼz hissalarini qoʼshishiga xizmat qiladi, albatta.