27 Yanvar 2021 yil 797

HАYOTGА YENGIL QАRАSHNING OQIBАTI

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni aholining eng qoʼyi qatlamlarini ham qamrovga olib, turmush tarzini yaxshilash, ularni qiynayotgan kundalik va maishiy muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan. Bunga viloyatda sektor rahbarlari boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlar, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilib, yoshlar har tomonlama qoʼllab-quvvatlanayotganini keltirish oʼrinli. Berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, Vatan ravnaqi, yurt farovonligi va obodligi yoʼlida mehnat qilayotgan, kezi kelganda tengqurlarini ish bilan taʼminlayotgan shijoatli yoshlar oramizda koʼpchilik. Аmmo toʼqlikka shoʼxlik yoki bel ogʼritmay kun kechirishni niyat qilib, oʼzgalarga ozor yetkazishdanda tap tortmay bilib-bilmay jinoyat koʼchasiga kirib qolayotgan yoshlar ham oramizda oz boʼlsa-da uchrab turibdi. Jumladan, shu yil 17 yanvar kuni soat 17-18lar atrofida Shahrisabz tumani “Tanxoz” MFYda yashovchi S.S. “Shahrisabz-Chiroqchi” avtoyoʼlida uyiga ketish uchun yoʼlovchi “Neksiya-2” rusumli avtomashinaga oʼtirib, manzilga joʼnaydi. Yoʼlda S.S.  qoʼl telefonidan tanishiga qoʼngʼiroq qilmoqchi boʼlganida tibbiy niqobda orqada oʼtirgan yoʼlovchilardan biri uning qoʼl telefonini tortib oladi. Bu kamlik qilganidek, egnidagi kurtkasi va choʼntagidagi 240 ming soʼm pullarni olib, oʼzini “Yakkabogʼ-Shahrisabz” avtoyoʼlida avtomashinadan majburlab tushirgancha joʼftakni rostlaydi. 

Mazkur talonchilik yuzasidan viloyat IIB JQB, Chiroqchi tuman IIOFMB va Shahrisabz tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida bu jinoyatni “Neksiya-2”ga yoʼlovchi sifatida chiqqan Chiroqchi tumani “Koʼkdala” MFYda yashovchi, hali yigirma yoshga ham toʼlmagan hamqishloqlar J.E., А.D. va X.D.lar sodir etgani maʼlum boʼldi. Talonchilardan jabrlanuvchining kurtkasi va “Redmi-8 rusumli telefon daliliy ashyo sifatida olinadi.

 Yaqinda talonchilikka qoʼl urgan “shovvozlar” yashovchi Chiroqchi tuman “Koʼkdala” MFYda jinoyatni yuzaga keltiruvchi shart-sharoit va omillar tahliliga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev, Chiroqchi tuman IIOFMB va prokuraturasi, mutasaddi idoralar vakillari, “Koʼkdala” MFY oqsoqollari, faollar, jinoyatga qoʼl urgan yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev ochib, sodir etilgan jinoyatni yuzaga kelish omillarini ilmiy yondoshuvlar asosida tahlil qildi.

Bola ota-onadan jinoyatchi boʼlib tugʼilmaydi. Ota-onaning mahalla-kuyning tarbiyadagi nuqsonlari, kamchiliklari oqibati bu. Hayotga yengil qarash, uyda bolani tergash, nima ishlar bilan mashgʼulligiga qiziqmaslik, kimlar bilan yurganini surishtirmaslik mana shunday salbiy holatni kelib chiqishining bosh sababidir. Qolaversa, mahalla faollari, oqsoqollar, kayvonilar bu yoshlarning bekorchi yoki biror ish bilan mashgʼulligini birrov surishtirganida, ularni bandligini taʼminlash choralarini koʼrganida ehtimol bu jinoyat sodir etilishining oldi olingan boʼlardi. Bundan koʼrinadiki, ayrim mutasaddilar oʼz ish faoliyatini qayta koʼrib chiqishi, mahallada ishsiz yoshlarni roʼyxatini shakllantirishi, yoshlarni murojaatini kutish emas, aksincha uni bandligini taʼminlash choralarini koʼrishi lozim. Аna shunda yuqoridagi kabi koʼngilsiz holatlarning oldi olinib, huquqbuzarliklar va jinoyatning barvaqt oldi olinishi haqida mutasaddilarga taklif va tavsiyalar berdi.

Tadbirda mutasaddi idoralar rahbarlari vazifador etilib, yoshlar oʼrtasida  jinoyat sodir etilishini oldini olish boʼyicha profilaktik tadbirlar kuchaytirilishi lozimligi uqtirildi.

Text to speech