Har bir murojaat ortida inson taqdiri turadi
Yoshlar bilan yaqindan muloqot qilib, ularning dardu tashvishlari, maishiy va kundalik turmushida uchrayotgan muammolarini oʼrganish va bartaraf etish bugun rahbarlarning kundalik faoliyatiga aylangan. Shu maqsadda yaqinda Qashqadaryo viloyati IIB boshligʼi 3-sektor rahbari polkovnik Sh.Satvoldiev Nishon tumani 2-sektor shtabida yoshlar sayyor qabul oʼtkazdi. Qabulda tumanda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Yurtimizda yoshlarni turmushida uchrayotgan muammolarni oʼrganib, bartaraf etish birinchidan, jamiyat taraqqiyotini jadallashtirishga xizmat qilsa, ikkinchidan fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini yuksaltiradi. Yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda ham bu tadbirlarning ahamiyati katta. Аyniqsa, yiqilganni suyash, chorasiz insonlarga koʼmak berish azaliy qadriyatlardan hisoblanadi.
Sayyor qabulda ishtirok etgan yoshlarning 15 nafari ishga joylashish, oʼzini oʼzi band etish, yer boʼlsa takroriy ekin ekish kabi mavzularda murojaatlarini bildirishdi. Murojaatlarning 2 tasi joyida hal etildi. Qolganlari vaqt va mablagʼ talab etishi inobatga olinib, tegishli sektor rahbarlariga topshiriqlar berildi. Ushbu jarayonda oʼzini oʼzi band etish taklifi bilan chiqqan 11 nafar yoshlarga ish qurollari tarqatildi.
Boshqarma boshligʼi yoshlar bilan yaqindan muloqot qilib ularni qiynayotgan muammolarga eʼtibor qaratdi. Suhbat jarayonida tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar orasida 22 nafar moddiy yordamga muhtojlar borligi aniqlandi. Ularning har biriga 500 000 soʼmdan moddiy yordam pullari berildi.
Koʼlami keng sayyor qabul yakunida sportda yuqori natijalarni qoʼlga kiritgan bir guruh yoshlar qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandi.