28 Dekabr 2024 yil 1240

“Globallashuv jarayonida yoshlar ma’naviyati”

Qashqadaryo viloyati IIBda  “Globallashuv jarayonida yoshlar ma’naviyati” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi Xalqaro innovatsion universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Talat Mamatkulov ochdi.

Tadbirda Xalqaro innovatsion universiteti o‘qituvchisi, dotsent Zoxid Boymurodov so‘zga chiqib, hozirda mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etishini ta’kidladi. Ayni davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni jadallashtirish, ta’lim-tarbiya sohasini isloh etish, yoshlarimizni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yuksak aql-zakovat sohibi etib voyaga yetkazish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biridir. Biroq xalqimizning o‘ziga xos va mos milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya borasidagi azaliy an’analariga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga «ommaviy madaniyat», mentalitetimizga yot g‘oya va qarashlar soya solayotgani ham hech birimizga sir emas. Ushbu jarayonda tarbiya masalasiga o‘z vaqtida jiddiy e’tibor qaratish, bu borada ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir» degan purma’no so‘zlarini aslo unutmasligimiz lozim.

Tan olish kerakki, bugungi globallashuv jarayoni mentalitetimizga yot g‘oyalar, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi rang-barang ko‘ngilochar shou-tomoshalar, o‘yinlar, bir so‘z bilan aytganda, turli «mahsulot»lar yurtimizga ommaviy tarzda kirib kelayotgani bor gap. Bunda yana bir ochiq va achchiq haqiqat shuki, hozirda aksariyat yoshlarimizning bo‘sh vaqtini telefonda o‘yin o‘ynashga, film tomosha qilishga sarflamoqda. 

Tan olishimiz kerak, yoshlarimizning uyali telefonga asir bo‘lib borayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi ma’lumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Bu, eng avvalo, ularning salomatligiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda internet tarmoqlarida aldov va g‘arazli maqsadlar yo‘lida tarqatilayotgan turli axborot va ma’lumotlar domiga yoshlar osongina kirib ketmoqda.

Yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirish, ularda yurish-turish odobi, muloqot va kiyinish madaniyatida meyorni saqlay bilish ko‘nikmasini hosil qilish uchun milliylik bilan zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashimiz shart. Bu borada ijobiy natijaga erishish uchun nafaqat pedagoglar, huquq-tartibot idoralari, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar, balki keng jamoatchilik hamkorlikda ish olib borishi, xususan, tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim. Ayniqsa, mahallalarda, har bir oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, ota-onaning farzand tarbiyasiga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga bo‘lgan e’tibori va mas’uliyatini oshirish, o‘sib kelayotgan avlod ongu shuurida hech qanday g‘oyaviy bo‘shliqqa joy qoldirmaslikka alohida e’tibor qaratish kerak.

Ayni globallashuv davrida yoshlarning ma’naviyati ularning oldiga qo‘ygan va qo‘yayotgan maqsadlari sari puxta yo‘naltirilganiga bog‘liq. Bunda idrok ko‘nikmalarini hosil qilish, inson tug‘ilganidan to shaxs sifatida shakllangunicha davom etishini inobatga olsak, mafkuraviy immunitet nihoyatda muhim jihat.

Yakunda boshqarma TQX TQKB bo‘lim boshlig‘i mayor F.Muxammadiyevning hafta mobaynida dunyodagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat borasidagi ma’ruzasi tinglandi.

Text to speech