Giyohvandlik - jirkanch illat
Giyohvandlik illatning salbiy oqibatlari va jamiyatga yetkazishi mumkin boʼlgan zararlari haqida koʼpchilik yaxshi biladi. Bu borada yoshlarning tushunchalarini boyitish hamda ularda giyohvandlikka qarshi murosasizlik hissini yanada kuchaytirish maqsadida Qarshi DUda “Yoshlar - giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida tadbir tashkil etiLdi. Unda viloyat IIB HPB, JQB xodimlari, universitet oʼqituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda giyohvandlik kasaliga mubtalo boʼlganlarning koʼpida avvalo oʼziga, soʼng oilasiga, kasbiga yoki oʼqishiga nisbatan qiziqishi, befarqlik, loqaydlik kuchayishi taʼkidlandi. Oddiy qilib aytganda, giyohvandlik bu bevaqt oʼlim, juda katta moddiy va maʼnaviy fojia. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini taʼminlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan birga qalbida Vatan tuygʼusi joʼsh urgan har bir inson ushbu salbiy illatlarga befarq qaramasligi, buning uchun kattalar va yoshlar ham oʼz hissalarini qoʼshishlari lozimligi taʼkidlandi.
Bugun jamiyatda turli mafkuraviy va ommaviy madaniyat xurujlar avj olgan davr. Shu bois giyohvand moddalarni yetishtirish, sotish, tashish va saqlashning oldini olishga barcha oʼz hissasini qoʼshishi lozimligi taʼkidlandi. Yurtimizda ham bu borada bir qator ibratga molik ishlar amalga oshirib kelinayotir. Jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan har yili ikki bosqichda oʼtkazib kelinayotgan “Qoradori” tezkor profilaktik tadbiri ham ana shu boradagi saʼy-harakatlarning bir debochasidir.
Tadbirda talaba-yoshlarga mavzuga oid hujjatli filьm namoyish etildi.