Gid-tarjimonlar bilan profilaktik tadbirlar
Mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan
yaxshilash, qulay hamda sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada
kengaytirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, Vazirlar
Mahkamasining “Malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari
ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish
to‘g‘risida”gi 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan “Gid (gid-tarjimon),
ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini
berish pasporti” hamda 2024-yildan boshlab malaka sertifikatini berish uchun
malaka imtihonini o‘tkazish tartibi tasdiqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, xorijiy va mahalliy turistlarga sifatli xizmat
ko‘rsatish, turistlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish hamda qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, viloyat IIB Xavfsiz
turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan hozirda ayrim shaxslarning
turizm namoyishi obyektlari va ularga tutash xududlarda tegishli malaka
sertifikatisiz gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilik
faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganlik holatlarini aniqlash bo‘yicha
manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Shuningdek, gid faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning ro‘yxati
qayta taftishdan o‘tkazilgan holda yangidan ro‘yxatlari shakllantirilib, unda
nechta shaxsda tegishli malaka sertifikati borligi, nechtasi sertifikatisiz
faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotganligiga aniqlik kiritildi, qaror mazmunini
ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga yetkazish maqsadida uchrashuv
o‘tkazilib, malaka sertifikatiga ega bo‘lmasdan shug‘ullanganlik uchun qonun
hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida to‘liq
profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi, bundan tashqari, tegishli malaka
sertifikatisiz faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar tomonidan
qonunchilik talablari buzilishining oldini olish hamda kelgusida bunday
holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tegishli davlat organlari, idora va
tashkilotlarga o‘z vaqtida taklif va taqdimnomalar kiritib borilmoqda.