17 May 2021 yil 619

Faxriylar yoʼli – ibrat maktabi

Qashqadaryo viloyati IIBda “Faxriylar yoʼli – ibrat maktabi” mavzusida tarbiyaviy-profilaktik tadbir boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma Faxriylar kengashi aʼzolari, boshqarma boshligʼi maslahatchisi va sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirni viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari polkovnik Xabibulla Bozorov ochdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 02 aprelь kunidagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qaroriga binoan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish kontseptsiyasi” tasdiqlandi. Kontseptsiyaga koʼra, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz!” kontseptual gʼoyasi asosida tashkil etilib, xodimlarning ongu tafakkuriga Vatan va xalq manfaatlariga xizmat qilish sharafli va muqaddas burch ekani singdirilmoqda. Tashkil etilayotgan tadbirlarda davlatimiz va ichki ishlar organlarining timsollari bilan faxrlanib, qasamyodiga sodiq boʼlish hamda kasbiy burchini bajarishda qonuniylikka qatʼiy rioya etish tuygʼusini chuqur singdirish orqali xalqning ularga boʼlgan ishonchi va hurmat hissini yuksaltirish kontseptsiyaning asosiy maqsadi va vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Bugungi tadbir ham mazkur kontseptsiyaning uzviy davomi sifatida xodimlarning qasamyodiga sodiq boʼlish hamda kasbiy burchini bajarishda qonuniylikka qatʼiy rioya etish tuygʼusini chuqur singdirishga xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirok etgan faxriylar bosib oʼtgan yoʼllari, xizmat tajribalari haqida xodimlarga soʼzlab berishdi. Ularning hayot yoʼli ibrat maktabi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari Faxriylar kengashi nafaqaga chiqqanidan soʼng ham faol faxriylar bilan qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Chunonchi, faxriylar yoshlarda kasbga koʼnikma hosil qilish, Vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, halol va vijdonan xizmat qilish tuygʼularni singdirish, kasb sir-asrorlarni chuqur oʼrgatishga hamisha bosh-qosh boʼlmoqda.
Bu kabi xayrli ishlarda osoyishtalik posbonlariga yelkadosh boʼlib, oʼz bilim va tajribalarini yoshlarga ulashib kelayotgan faxriylar hamisha eʼzoz va ehtiromga loyiq.

Text to speech