17 Dekabr 2021 yil 1296

ER-XOTINNING URUSHI, АYANChLI YAKUN TOPDI


Koson tumani “Qorabayir” MFYda er-xotinning janjali tufayli sodir etilgan jinoyat muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev, tuman hokimligi, tuman Ichki ishlar boshqamasi, 2-sektor ishchi guruhi hamda oila va mahallani qoʼllab-quvvatlash tuman boʼlimi, hamda mahalla faollari va marhumning yaqin qarindoshlari ishtirokida muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Maʼlum boʼlishicha, 2021 yil 05 dekabr kuni soat 18:00 larda Koson tumani “Qorabayir” MFYda yashovchi E.J. mast holatda turmush oʼrtogʼi M.X.ni haqoratlab, urib-tepib, tomoq sohasidan boʼqqan. Chorasiz qolgan ayol erini qoʼlidan chiqishga har qancha harakat qilmasin, kuchi yetmaganligi sababli oxirgi chora sifatida yonida supadagi savat ustida turgan oshxona pichogʼini olib, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, turmush oʼrtogʼining chap qoʼltiq osti sohasiga bir marta sanchib olgan. Natijada, er boʼlmish E.J. olgan ogʼir tan jarohati tufayli vafot etgan.
Yigʼilishda sodir etilgan mudhish jinoyatni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlar va omillar tahlil etilganda marhumning spirtli ichimlikka roʼju qoʼyishi, oilaviy munosabatlarga yengil-elpi, turmush tashvishlariga yuzaki qarashi oqibatida yuz bergani, mahalla faollari, profilaktika inspektori va qarindoshlar nega bu holatga panja orasidan qaragani tanqid ostiga olindi.
Oʼylab koʼrilsa, mahallada fuqarolarning kundalik tashvishi va dardu muammolari bilan shugʼullanishi lozim boʼlgan mahalla rahbariyati, oqsoqollar, qoʼni-qoʼshni qolaversa, kayvonilar, qarindosh-urugʼlar qayoqqa “qaragani” bugun nomaʼlum. Er-xotinning uyda kunora yoki muttasil boʼlib kelgan janjalidan qoʼshnilar va qarindoshlarning xabari boʼlgan. Faqat erni insofga, er-xotinni murosaga chaqirish ishlari nomigagina yoki boʼlmasa umuman amalga oshirilmagan. Natijada ota aroqqa roʼju qoʼygan. Oqibat esa ayolni jinoyatchi degan tamgʼani olishga va el aro yuzi shuvit boʼlishga olib keldi.
Xalqimizda soʼnggi pushaymon oʼzingga dushman, degan naql bor. Аyol qilgan qilmishidan pushaymon boʼlib, kelgusi achchiq qismatga duchor boʼldi. Lekin soʼnggi pushaymondan foyda yoʼq.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan M.X.ga nisbatan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech