26 Avgust 2022 yil 348

“Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi

Ichki ishlar organlarining ekspert kriminalistika sohasi xodimlarining kasbiy, jangovar mahorati va sohaga oid bilimlarini oshirish maqsadida tizimda bir qator ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ekspert-kriminalistika tizimi xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevraldagi “Ichki ishlar organlarining Ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori va Ichki ishlar vazirining 2022 yil 27 apreldagi Ichki ishlar organlari tizimida “Eng namunali ekspert-kriminalistika jamoasi” va “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqlari talablari asosida, tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda viloyat ichki ishlar boshqarmasi Ekspert-kriminalistika markazi, shahar-tumanlar ichki ishlar boshqarmasi va bo‘limlari ekspert-kriminalistika guruhlari xodimlarining mahorati 3 shart - AKM va PM jangovar qurollarini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish, test sinovi asosida ekspertlarning intellektual bilimi, so‘ngra suhbat asosida ishtirokchilarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalari, maʼnaviy-maʼrifiy hamda xizmatga oid tajriba va malakalari hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Bundan tashqari, ekspertlarning sohaga oid maxsus bilimlari, jinoyatni fosh etishda olib borgan tadqiqotlari natijalari, ish hujjatlari yuritilishi, huquq va majburiyatlar hamda tergov-tezkor guruhining vazifalarini o‘zlashtirish borasidagi bilimi ham tanlovda eʼtiborga olindi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan tanlov natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ekspert-kriminalistika bo‘limi eksperti kapitan Eldorbek Bozorov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Navbatdagi sovrinli o‘rinlarni Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti katta leytenant Abdirazzoq Xudoyberdiyev hamda Ko‘kdala tumani ichki ishlar bo‘limi ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, leytenant Fuzayil Mardonov egalladi.

Endi ko‘rik-tanlov g‘oliblari musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etadi.

Text to speech