“Eng yaxshi sovg‘a - kitob”
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Eng yaxshi sovg‘a - kitob”mavzusida “Ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar xodimlari va Qarshi Davlat Universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Olimjon Abdullayev ochdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi Davlat Universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti filologiya fanlari nomzodi Sherzod Akramov kitob bilimlar manbai ekanligi, uning inson ma’naviyatini o‘stirishdagi o‘rni ham beqiyosligi, badiiy adabiyot namunalari kitobxonga oq-qorani, yaxshi-yomonni tanitib, uning qalbiga ezgulik urug‘larini ekishi, kishini hayot go‘zalliklaridan zavqlanishga o‘rgatishini ta’kidladi.
Hozirgi kunda barcha hududlarda kitob yarmarkalari tashkil etilyapti. Aholi o‘rtasida milliy va jahon mumtoz adabiyotining yuksak namunalari targ‘ib qilinyapti. Eng faol kitobxonlarni rag‘batlantirishga qaratilgan tanlovlar o‘tkazilyapti. Buni ichki ishlar organlari tizimi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Lekin kishi aslida tanlovlarda g‘olib chiqib, mukofotlarni qo‘lga kiritish uchun emas, ruhiy olamini boyitish uchun kitob o‘qishi kerak. Badiiy asar mutolaasi insonning ma’naviy ehtiyojiga aylanishi lozim.
Yaxshi kitoblarni o‘qigan insonlar gap-so‘zidan, xatti-harakatidan ham darhol bilinadi. Ular atrofidagilarda xushmuomalaligi, fikrining teranligi, mulohazakorligi bilan yoqimli taassurot qoldiradi. Kitob yosh avlodni insonparvarlik, adolatparvarlik, milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda kitobdan ko‘ra ta’sirchanroq vosita yo‘q.
Shuningdek, yig‘ilishda Boshqarma Tibbiyot bo‘limi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi boshlig‘i mayor Rustam Daminov “Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi” mavzusida ma’ruza qildi.