Yoshlar bilan uchrashuv
Yoshlarni intellektual salohiyati, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimini oshirish, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvatlash va bandligini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Rajapov o‘ziga biriktirilgan Qarshi shahar “Aralovul” mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qarshi shahar IT park – axborot texnologiyalari sohasida loyihalar yaratish markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda 30 nafarga yaqin yoshlar, mahalla yoshlar yetakchisi hamda ta’lim muassasasi o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Keng qamrovli tadbirda dastlab polkovnik Baxtiyor Rajapov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, hozirgi kunda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, ularga yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida tushuntirishlar berdi.
Tadbirda internetdan foydalanishda axborot olish va tarqatish gigiyenasi, muloqot madaniyatiga rioya qilish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar qurboniga aylanib qolishni oldini olish, kiberxavfsizlik yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlarga atroflicha tavsiya va tushunchalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida savol-javoblar asosida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda IT park – axborot texnologiyalari markazida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish imkoniyatlari borasidagi bilimi boyitildi.
Yakunda davra suhbatida faol ishtirok etgan yoshlar va ularning o‘qituvchi-murabbiylariga badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alari berildi.
Bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.