23 Iyul 2022 yil 729

“Dunyoning yangi geosiyosiy muammolari”

    Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” “Dunyoning yangi geosiyosiy muammolari” mavzusida bo‘ldi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar xodimlari va Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi.

      Yig‘ilishda Qarshi davlat universiteti Tarix fakulteti dotsenti Abdulla Axmatov so‘zga chiqib, insoniyat XXI asrga qadam qo‘ygach, yer yuzida bir qancha o‘zgarishlar yuz bergani, «Katta davlatlar» tomonidan yangi tartibotlarni vujudga keltirish uchun tinimsiz faoliyat olib borilishi natijasida dunyoda urushlar, nizo va ziddiyatlar ko‘payayotganini ta’kidladi.

     Dunyodagi yangi tartibotlar haqida siyosatshunoslar, faylasuflar va boshqalar bugungi globallashuv sharoitida zamonaviy geosiyosiy va xalqaro munosabatlarni yaxshilash, demokratik qadriyatlarni rivojlantirishni taklif qilsalar, boshqalar insoniyatga tahdid solayotgan milliy mojarolar va shu asosda kelib chiqadigan etnik ziddiyatlar, xavfliligi jihatdan tobora avj olib borayotgan global iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga birgalikda qarshi turishning yo‘llarini izlamoqdalar. Biroq bu fikrlarni inkor etmagan holda, «katta davlatlar» deb ataluvchi ayrim siyosiy guruhlar o‘zining yetakchiligini e’tirof ettirish bilan dunyoni muvozanatda saqlash mumkin degan tushuncha bilan geosiyosiy harakatlarni amalga oshirmoqda.

     Ming afsuski, geosiyosat ayrim mamlakatlarning mafkurasiga aylanayotgani ham hech kimga sir emas. Umuman, geosiyosat avj olib borayotgan bugungi davrda davlatimiz yuritayotgan tinchlik siyosati bizni xotirjam qiladi. Lekin bu beparvolikka olib kelishi kerak degani emas. O‘zini shu yurt uchun mas’ul deb bilgan har bir odam doim hushyor va ogoh bo‘lmog‘i lozim.

    “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” yakunida IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi O‘MIB tezkor vakili mayor Jamshid Rasulov ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatda xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, zimmasidagi vazifalarni bajarishda korrupsiya va boshqa salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida ma’ruza qildi.

Text to speech