“Dunyodagi geosiyosiy vaziyat va uning O‘zbekistonga ta’siri”
Qashqadaryo viloyati IIBda “Dunyodagi geosiyosiy vaziyat va uning O‘zbekistonga ta’siri” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni boshqarma MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi, dotsent Rustam Boymatov so‘zga chiqib, bashariyat uchinchi ming yillikka qadam qo‘yganiga ham salkam chorak asr bo‘lgani, bu ming yillikda insoniyat jahon va ayrim mamlakatlarning taqdiri qanday kechadi, xalqaro munosabatlar qaysi yo‘nalishda rivoj topadi, mintaqaviy, etnik, diniy, milliy ziddiyatlar kundan-kunga ko‘payib borayotgan yer yuzida vaziyat qay tarzda bo‘ladi, degan savollar qarshisida turganini ta’kidladi.
O‘tgan asrdayoq asos solingan va bugungi kungacha unchalik jiddiy o‘zgarishlarga uchramagan geosiyosat davlatlararo aloqalarga, bu esa, o‘z navbatida, xalqaro munosabatlarga amaliy ta’sir o‘tkazib kelmoqda.
Xo‘sh, dunyodagi keskin geosiyosiy vaziyat va uning O‘zbekistonga ta’siri va mintaqadagi roli qanday?
Mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi muhim strategik ahamiyatga ega davlatlardan biridir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan, besh davlat bilan chegaradosh bo‘lgan yagona davlatdir. Shuningdek, u tabiiy resurslarga ham boy o‘lkadir.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi, davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarimiz ularning samarasini kelajakda emas, balki bugun his etishida, davlat organlarining xalq irodasini ifoda etib, inson manfaatlariga xizmat qilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tgan haftada sodir etilgan favqulodda va salbiy holatlar hamda bunday salbiy oqibatli hodisalarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida mas’ul xodimning ma’ruzasi tinglandi.
Yakunda “Axborot makonidagi suiiste’molchiliklarga barham berish yoxud ochiqlik sharoitida xizmat olib borish” nomli videofilm tadbir ishtirokchilarga namoyish etildi.