14 Aprel 2022 yil 472

Deputatlar Jamoat xavfsizligi xizmati rahbarining hisoboti tinglashdi


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar doirasida, aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʼnalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, ichki ishlar organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan oʼzaro maqsadli hamkorligi yoʼlga qoʼyildi. Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar masʼul davlat tuzilmalariga oʼz faoliyatini “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor gʼoya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi kontseptsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-27-sonli Farmoni 6-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʼlib oʼtdi. Unda Qashqadaryoda Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari tomonidan har chorakda jamoat xavfsizligi yuzasidan hisobot berish, shuningdek, mazkur yoʼnalishda koʼrilayotgan choralarning natijalarini tanqidiy muhokama qilib, ularning samaradorligini oshirish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi.
Mazkur sessiyada deputatlar tomonidan viloyat IIB boshligʼining oʼrinbosari-JXX boshligʼining hisoboti tinglandi. Jamoat xavfsizligi yoʼnalishida koʼrilayotgan choralarning natijalari tanqidiy muhokama qilinib, ularning samaradorligini oshirish boʼyicha deputatlar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
Bildirilgan fikr va mulohazalarni eʼtiborga olgan holda viloyat IIB boshligʼining oʼrinbosari-JXX boshligʼining jinoyatchilikni barvaqt oldini olish va roʼy berganlarini fosh etish borasidagi takliflari eshitilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Text to speech