21 Yanvar 2023 yil 438

“Davlat tili – birligimiz, borligimiz ramzi”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Davlat tili – birligimiz, borligimiz ramzi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni boshqarma MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sherzod Akramov so‘zga chiqib, til – millat ko‘zgusi ekanligi, uning ta’rifini dunyodagi eng buyuk zot – Ona nomi bilan birga ta’kid etish bekorga emasligini ta’kidladi.

Aslida ham shunday. Murg‘aklikdan qalbimizga eng ezgu fazilatlar ona allasining sehrli ohanglari, ona tilimizning betakror jozibasi bilan oqib kirib, jismi jonimizga, ruhimizga singadi. O‘z tilini yo‘qotgan inson esa o‘zligini yo‘qotishi tayin.

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bois, o‘zbek tili davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi kabi qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatori e’zoz va ehtiromda.

Tarixga nazar solsak, o‘sha kezlarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi. Ayniqsa, keyingi yillarda davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy «Xalq orasidan chiqqan iste’dod ahli salohiyat va qobiliyatlarini o‘z tillari turganda o‘zga til bilan zohir qilmasalar va ishga solmasalar edi. Agar ikkala tilda ijod etish qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillarida ko‘proq yozsalar edi», deya ona tilimiz taqdiri uchun kuyungan. Alisher Navoiy haqiqiy millatparvar shoir sifatida o‘zbek tili va adabiyotimizning nechog‘lik boy, rang-barangligi va cheksiz imkoniyatlarini butun ijodi va serqirra faoliyati bilan isbotlab, uning nufuzini jahon miqyosiga olib chiqdi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, dunyoda o‘zbek tili borligi uchun o‘zbek degan millat bor, o‘zbek degan millat borligi uchun O‘zbekiston degan davlat bor. Mustaqil yurtimizning davlat tili bo‘lgan o‘zbek tili birligimiz, borligimiz ramzidir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvar kunidagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida tayyorlangan videorolik namoyish etildi

Shuningdek, IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi O‘MIB tezkor vakili mayor Jamshid Rasulov respublika miqyosida xodimlar bilan bog‘liq sodir bo‘lgan salbiy va favqulodda holatlar to‘g‘risida, hamda Tashkiliy boshqarma murojaatlar bilan ishlash guruhi bosh inspektori mayor Iskandar Raxmonqulov viloyat ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlarning ijrosi yuzasidan axborotlari tinglandi.

Text to speech