10 Dekabr 2024 yil 694

Davlat madhiyasi o‘zligimiz timsoli

Har tong davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib olar ekanmiz, uning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yadi. Qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertamizga ulkan ishonch hissini jo‘sh urdiradi.

Madhiyamiz qabul qilinganligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan Qarshi shahridagi Abdulla Oripov haykali poyida Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi, ichki ishlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir uyushtirildi. 

Tadbirda ishtirokchilar davlat madhiyasini kuylab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov ijodidan she’rlar o‘qishdi.

Ta’kidlash joizki, Madhiya – yuraklarda Vatan tuyg‘usini uyg‘otuvchi kuchli ifoda. Unda xalqimizning o‘tmishi, bugungi kuni va yorqin kelajagi mujassam. Madhiya milliy g‘urur, ezgu maqsad va xalqimizning mustahkam birdamligini tarannum etadi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar Abdulla Oripov ijod maktabida bo‘lib, madhiyamizning yaratilish tarixi bilan tanishib, u Vatanimizdan g‘ururlanishga, mustaqilligimizni mustahkamlashga, bugunimizning qadriga yetishga, yangi marralarni zabt etishga barchani undayverishi ta’kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilar shoirning uy muzeyida bo‘lib, shoirning bolaligi, talabalik yillari va badiiy ijoddagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.

Bu boradagi ishlar vohaning shahar-tumanlarida ham davom etmoqda.

Text to speech