Chiroqchi tumanida “Ichki ishlar xodimlari va fuqarolar oʼrtasidagi tortishuv” natijasida sodir etilgan qonunbuzarlik muhokamasi boʼlib oʼtdi
Chiroqchi tumani hokimligida “Ichki ishlar xodimlari va fuqarolar oʼrtasidagi tortishuv” natijasida sodir etilgan qonunbuzarlik muhokamasi yuzasidan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari general-mayor Аzizbek Ikramov, viloyat prokurori Erkabay Tadjiev, IIB boshligʼi Shuhrat Satvoldiev, Chiroqchi tumani hokimi Nodir Erkaev, tumani prokurori Bahodir Xudoyqulov, tuman IIB boshligʼi polkovnik Аktamali Beshimqulov, tuman Davlat soliq inspektsiyasi boshligʼi Gʼanisher Karmanov, hamda tuman IIB xodimlari va faollari ishtirok etdi.
Tanqidiy va tahliliy ruhdagi muhokama yigʼilishida soʼz olganlar Chiroqchi tumanida joriy yilning 26 aprelь kuni soat taxminan 17:30larda Chiroqchi tumani IIB YHXB YPX inspektorlari tomonidan tuman markazidagi “Chiroqchi dehqon oziq-ovqat bozori” MChJ atrofida jamoat tartibini saqlash hamda avtomashinalar tirbandligini oldini olish maqsadida patrulь maxsus avtomashinasi ovoz kuchaytirgich moslamasi bilan xizmat olib borayotganda bir necha fuqarolar xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talabiga boʼysunmasdan faol qarshilik koʼrsatgan. Ulardan biri patrulь avtomashinasini old oʼrindigʼida boʼlgan YPX katta inspektori B.Karimovni xizmat kiyimining pagoni, bodi kamerasi va koʼkrak nishonini yulib olgan.
Qoʼshimcha kuchlar chaqirtirilib, jamoat tartibi tiklangach, xodimlarning qonuniy talabiga boʼysunmasdan, faol qarshilik koʼrsatgan fuqarolarni shaxsi aniqlanib, Sh.B., N.B., N.D. va Q.А.ga hozirda Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgani, gumon qilinuvchilarning uch nafari JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, bir guruh shaxslar esa sud qaroriga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilgani aytib oʼtildi.
Tadbirda oddiy tushunmovchilik va huquqiy bilimning yetarli emasligi jinoyatlarga sabab boʼlayotgani, joylardagi mutasaddilar ushbu yoʼnalishda yetarlicha targʼibot ishlarini olib bormayotganini tanqid ostiga olindi. Shuningdek, bu kabi jinoyat uchun qonunchiligimizda qatʼiy jazo choralari belgilangani va jinoyatga jazo muqarrarligi alohida taʼkidlab oʼtildi.
Shuningdek, bugun aksariyat fuqarolar atrofida boʼlayotgan voqea-hodisalarga befarqlik bilan qarab, ayrim holatlarni koʼrib-koʼrmaslikka olayotganliklari, boʼlayotgan holatlarga tomoshabin boʼlishga oʼrganib qolayotganliklari keskin qoralandi. Muhokamada ishtirok etgan faollar va fuqarolar ham sodir etilgan bu jinoyat yuzasidan oʼz munosabatlarini ochiq bayon etishdi.
Muhokama soʼnggida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini keng jamoatchilik vakillariga yanada taʼsirchan usullarda yetkazish boʼyicha hududiy profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yigʼini raislari, koʼchaboshilari, oqsoqollari hamda mahalla faollari oldiga aniq vazifalar qoʼyildi.
Yakunda hokimiyat vakillari, xususan ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarliklarni oldini olish borasidagi xizmat faoliyatiga qarshilik koʼrsatish qonuniy javobgarlikka tortilishga sabab boʼlishi misollar asosida tushuntirildi.