Buxoroi sharifga sayohat
Qashqadaryo
viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va birlashgan kasaba uyushmasi
qo‘mitasining tashabbusi bilan tizimning turli sohalarida samarali xizmat qilib
kelayotgan bir guruh xotin-qizlar Buxoro shahriga sayohat uyushtirishdi.
Sayohatning
ilk yo‘nalishi qadimiy va navqiron Kogon tumanidagi Xojagon silsilasining
oltinchi piri Sayyid Amir Kulol maqbarasi, so‘ngra, Buxoro shahridagi Bahouddin
Naqshband tarixiy me’moriy majmuasi ziyoratgohida bo‘lgan ziyoratchilar alloma
hayoti va faoliyati va obidaning yaratilish tarixi bilan yaqindan tanishdilar.
So‘ngra,
viloyatda joylashgan Islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan avliyolar va
pirlarning sag‘analarini ziyorat qilib, boqiy obidalar tarixi bilan yaqindan
tanishdilar.
Buxoroning
so‘nggi amiri Amir Olimxonning uy muzeyi va Ark saroyiga qo‘yilgan turli
tarixiy eksponatlar va osori atiqalar, xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik
namunalari, ajdodlarimiz tarixini aks ettiruvchi miniatyura asarlarini tomosha
qilishdi.
Yakunda
sayohatchilar Buxoro shahrining boshqa diqqatga sazovor joylarida amalga
oshirilgan obodonchilik hamda bunyodkorlik ishlarini tomosha qilishdi.
Bir so‘z bilan aytganda sayohat xodimalarning
madaniy hordiq chiqarishi bilan birga bir olam taassurotlar olishiga zamin
hozirladi.