BUGUNGI DUNYONING GЕOSIYOSIY MANZARASI
Qashqadaryo viloyati IIBda “Bugungi dunyoning geosiyosiy manzarasi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari hamda viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi o‘qituvchisi ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi katta o‘qituvchisi Dilafro‘z Shaniyozova XIX asr boshida boshlangan to‘rtinchi sanoat inqilobi yutuqlari asosida shakllangan postindustrial modelning o‘z taraqqiyot yo‘lida jadal rivojlanishi kutilmagan oqibatlarga olib kelgani, ayniqsa, XX asrga kelib, uning global modelga o‘tishi dunyodagi mavjud geosiyosiy vaziyatni o‘zgartirib yuborganini ta’kidladi. Bugunga kelib esa jahon arxitekturasining insoniyatni birlashtirishga qaratilgan yagona geosiyosiy modelini xavf ostida qolgani, turli qarama-qarshi kuchlar va markazlar o‘z manfaatlari yo‘lida xalqaro huquq normalariga ochiq¬dan-ochiq zid ravishda harakat qilishlari natijasida hozirgi kunda dunyoning 22 ta mamlakatida notinchlik hukm surib, urushlar alanga olganligini kuzatish mumkinligini bildirdi.
BRIKS, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa mintaqaviy tashkilotlarga a’zo davlatlar «Katta yettilik» mamlakatlariga muqobil bo‘la oladigan, o‘zining global boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan, iqtisodi barqaror o‘sishni uzluksiz ta’minlayotgan va barqaror rivojlanayotgan davlatlardir. Ularning soni muttasil o‘sib borayotganligi, hamkorlikda turli sohalarda erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlari ko‘plab davlatlarda qiziqish uyg‘otmoqda.
Yangi jahon tartiboti shakllanayot¬gan hozirgi davrda Turkiy davlatlar tashkiloti butun mintaqamiz xavfsizligi garovi bo‘lishi lozimligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Ushbu tashkilotga a’zo davlatlarning iqtisodiy va inson resurslari uning global tinchlik va xavfsizlik masalalarida jahonning asosiy geosiyosiy kuchlaridan biriga aylanishiga imkoniyat yaratadi. Zero, siyosiy o‘zgarishlarning yangi bosqichida uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun ijtimoiy va tabiiy omillarni inobatga olish zarurligi, hamkorlar bilan raqobat emas, faqat birgalikda harakat qilish va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni his etgan holda, barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishish mumkinligi isbotlanmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlashimiz lozimki, Davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbus va takliflari jahon hamjamiyati, BMT, shuningdek, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda davlatlar rahbarlari, siyosatchilar tomonidan iliq kutib olinmoqda, ma’qullanmoqda, bu esa ko‘p vektorli O‘zbekiston tashqi siyosatining naqadar pragmatik va ochiq ekanligining dalolatidir.