Qarshi shahridagi Yoshlar markazida "Nasaf" futbolchilariga 2020 yilgi Superliga uchun kumush medallari topshirildi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev futbolchilarni tabriklar ekan, Respublikada uchtadan biri boʼlgan jamoa albatta qoʼllab-quvvatlanishini aytib oʼtdi.
"Pandemiya barchamiz uchun ogʼir kechdi. Lekin shuni alohida aytmoqchimanki, moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan "Nasaf" qahramonlik koʼrsatdi. Klub oʼz vaʼdasida turdi. Klub kumush medallarga ega chiqdi. Demak, Respublikada uchta klubdan biri boʼlgan jamoani qoʼllashimiz kerak", - dedi Zoyir Mirzaev.
Taqdirlash marosimida Roʼziqul Berdiev bilan bogʼliq masala shukungacha murabbiy bilan nega shartnoma imzolanmagani ham soʼraldi. Klub bosh direktori Sergey Kucherenko klub bosh murabbiyi bilan dushanba kuni shartnoma imzolanishini aytib oʼtdi. Berdiev kuni kecha Toshkentda oyogʼini operatsiya qildirgani bois ushbu marosimda ishtirok eta olmadi.
Shundan soʼng, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev "Nasaf" futbolchilari va rahbariyatiga kumush medallarni topshirdi.
Taqdirlash marosimida klubning eng yaxshilari turli nominatsiyalarda taqdirlandi.
Eng yaxshi xujumchi - Bobir Аbdixoliqov
Eng yaxshi darvozabon - Аbduvohid Neʼmatov
Eng yaxshi futbolchi - Marko Stanoevich
Eng yaxshi umidli yosh futbolchi - Husniddin Аliqulov