Bosh maqsad - xalq, yurt manfaatiga xizmat qilish
Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev vohada jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini “issiq izlar”da fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. “Dastlab, “Nasaf” oʼyingohida boʼlib oʼtgan yigʼinda xodimlarning xizmatga shayligi va tayyorgarligini koʼzdan kechirdi. Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatda xizmat intizomi va qonunchilikka soʼzsiz rioya etishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʼlish, eng muhimi, odamlarda soha xodimlariga boʼlgan eʼtibor va ishonchni yoʼqotmaslik boʼyicha tegishli yoʼriqnoma berdi.
Shaxsiy tarkibning kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi va ijtimoiy-siyosiy, huquqiy bilimini oshirish borasidagi talablarni yanada kuchaytirish lozimligini alohida qayd etdi. Bunda avvalo har tomonlama barkamol, intiluvchan, oʼz ustida ishlashni kanda qilmaydigan kadrlarni joy-joyiga qoʼyish, murabbiylik harakatini keng quloch yoydirish, birinchi rahbardan quyi bugʼingacha boʼlgan rahbarlarning javobgarligini oshirish lozim.
Har bir murojat etayotgan fuqaroga qonuniy va huquqiy asoslar bilan javob qaytarish, tamagirlik, poraxoʼrlikka undovchi shaxslarga jinoyatga jazo muqarrarligi haqida tushuncha va koʼnikmalar berish, kezi kelganda bunday illatlardan har bir xodim saqlanishi soha obʼroʼsi va nufuzini oshiradi. Аna shunda xodimlarda – xalq, yurt manfaatiga xizmat qilish tuygʼusi yanada kuchayadi.
Tadbir yakunida xizmatda ijobiy natijalarga erishgan bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vaziri oʼrinbosarining “Tashakkurnoma”lari va qimmatbaho sovgʼalar topshirildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Аxborot xizmati