12 Fevral 2022 yil 1223

"Boburnoma" – adabiy va tarixiy asar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavlludining 539 yilligi munosabati bilan “Boburnoma” – adabiy va tarixiy asar” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʼlimi va IIV Qashqadaryo akademik litseyi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari polkovnik Xabibulla Bozorov ochdi.
Mavzu doirasida viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʼi oʼrinbosari Latif Qambarov “Boburnoma” – jahon adabiyotining durdona asari deya eʼtirof etdi. Shuning barobarida, badiiyatga yoʼgʼrilgan tarix hamdir. Bobur butun borliqni, goʼzallikni his qilgan, yaratganning moʼjizalarini koʼra bilgan va uni shoir tuygʼusi, yozuvchi mahorati, tarixchi haqiqati bilan bayon eta olgan. Shuning uchun ham “Boburnoma” – betakror asar!
Tadbirda IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʼqituvchisi Moʼtabar Ravshanova “Boburnoma” memuar janrining dunyo tafakkur ahli tomonidan eʼtirof etilgan eng nodir namunalaridan biridir dedi.
“Boburnoma” - XV – XVI asrlarda Movarounnahr, Xuroson va Hindistonda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, tarixiy voqealarni oʼrganishda bu asarning qiymati beqiyosligini, shuning barobarida, asar Boburning buyuk zamondoshlari Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Kamoliddin Behzod kabi madaniyat arboblari, Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniy kabi taxt egalari haqidagi muhim manbadir.
Bundan tashqari “Boburnoma” adabiyotshunoslikdagi tazkira asarlarga xos jihatlarga egaligi, Hazrat Alisher Navoiyning maʼnaviyat, ijod ahliga murabbiylik va muqavviylik qilgani, sakkiz devon tuzgani, feʼli-saʼjiyasi borasida fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunday chizgilarda Bobur munaqqid sifatida boʼy koʼrsatadi.
Yakunda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va bu boradagi tadbirlarni yuqori saviyada oʼtkazilishiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʼi oʼrinbosari Latif Qambarovga Ichki ishlar vazirining buyrugʼiga asosan “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʼkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Text to speech